Qirg’iziston: Ahillik, totuvlik rishtalari amaliy ishlar bilan yashnaydi

Aprel oyi oxirida Bishkekda respublika milliy-madaniy markazlarini biriktirgan Qirg’iziston xalqi assambleyasining qurultoyi bo’lib o’tadi. Kelasi oy esa mahalliy elatlar san’ati festivali o'tkazilishi rejalangan.

Qirg’iziston xalqi assambleyasining O’sh viloyat bo’limi boshlig’i, tarix fanlari doktori Boltag’ul Nurunbetov aytishicha, zikr qilingan festival hududda istiqomat qilayotgan elatlarning urf-odati, madaniyat-san’atini namoyish etadi, rivojiga hissa qo’shadi.

​“Biroq o’sha aytilgan so’zlar, olg’a surilgan dasturlar amalga oshgandagina samara bo’ladi”, - deydi yosh siyosatchi.

Mahalliy yoshlar harakati yetakchilaridan biri Sonunbek Junusbayev fikricha, millatlararo munosabatlarni taraqqiy ettirish, jamiyat rivojini ta’minlash borasida o’tkazilayotgan har qanday tadbir foydadan holi emas, chunki diqqatga molik taklif-tavsiyalar yangraydi.

Bo’riboy Jo’rayev ko’p yillar Qirg’iziston parlamenti deputati bo’lgan, hozirda O’sh shahar meriyasi qoshidagi millatlararo munosabatlar masalalari bo’yicha kengash a’zosi, jamoatchilik qabulxonasi boshlig’i.

Uningcha, bir necha yil muqaddam mamlakatda qabul qilingan Konseptsiya millatlararo munosabatlarni rivojlantirish ishlarini sistemaga solish imkonini berdi. Mazkur dastur asosida vazirliklar hamda boshqa davlat idoralari o’z chora-tadbirlarini ishlab chiqishdi. Mahalliy oz-o’zini boshqarish tizimlari ishlari hamda millatlararo munosabatlar masalalari bo’yicha Davlat agentligi ta’sis etildi.

Zikr qilingan agentlik mahalliy hukumatlar - hokimliklar va meriyalar - bilan hamkorlikda joylarda jamoatchilik vakillaridan iborat kengashlar tuzdi, qabulxonalar ochdi. Dolzarb yo’nalishlar bo’yicha loyihalar ishlab chiqildi va moliyalashtirildi.

Kuzatuvchilarga ko’ra,omma fikri, ruhiyatida ijobiy siljishlar ro’y berdi.

“Odamlar o’zlari ham tashabbus ko’rsatishi, harakat qilishlari lozim.Tashvishli hol - ota-onalar orasida farzandlarning ta’lim-tarbiyasiga, demakki, kelajagiga befarq insonlar ko’payib qoldi. O’qib kim bo’lardi, deya, qo’l siltashadi”, - deydi Bo’riboy Jo’rayev.

Aytish joizki, Qirg’izistonda rasmiy doiralar turli elatlar vakillarining munosabatlari, ozchiliklar haq-huquqlari kabi “nozik masalalar” borasida gap-so’zlarni uncha xush ko’rmaydi. Bu o’rinda muammolarga urg’u berish foydadan ko’ra ziyon keltirishi mumkin, degan hadik mavjud.

Yaxshisi - asta-sekin, bosiqlik bilan amaliy ish olib borgan ma’qul, deydi mulozimlar.

Bo’riboy Jo’rayev bu fikrga qo’shiladi.

“O’tgan ishlarni kavlash tarafdori emasman. Hayotga real qarab, ijobiy o’y-amallar bilan oldinga intilish kerak”, - deydi u.