O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida shu yilning iyun oyida yuz bergan qonli voqealarni taftish qilayotgan milliy komissiya raisi Abdug’ani Erkebayevning aytishicha, xunrezliklar oldindan rejalangan va ular ortida ham qirg’iz, ham o’zbek liderlar turgan.
Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti tahlilicha esa qirg’inda organlarning qo’li bor.
Hukumat olib borayotgan tergov, deydi tashkilot ekspertlari, na bu respublika va na xalqaro qonunlarga binoan kechmoqda. Bugun janubdagi murakkab ahvoldan chiqishning yagona yo'li adolatni ta'minlashdir.
Xavfsizlik kuchlari o’zbeklarga qarshi xurujlarning oldini olmagan, aksincha ularga hissa qo’shgan, jinoyatchi guruhlarning qilmishlariga ko’z yumgan, ularning bemalol harakat qilishi uchun sharoit yaratib bergan, deyiladi xalqaro tashkilot hisobotida. Mahalliy qonun-tartibot organlari o’zbek aholini xavfdan himoya qilmagan.
Voqea tafsilotlari oydinlashmoqda, bu yakuniy xulosa yoki hisobot emas, deydi Andrea Berg, Human Rights Watchning hududdagi vakili. Qirg’in paytida u O’shda edi.
Hukumat vaziyatni o’nglamoqchi bo’lsa, deydi huquq himoyachisi, qirg’inda qo’li bor fuqarolarni, millati va mansabidan qat’iy nazar, javogbarlikka tortsin, adolatli ravishda. Zo’ravonlikni zo’ravonlik bilan tergov qilib bo’lmaydi. Maqsad haqiqat tagiga yetishmi, demak sababsiz qamash va qiynoqlarni bas qilib, faktlarga asoslangan holda ish tutish kerak, deydi Andrea Berg.
Human Rights Watch yiqqan dalillar shuni isbotlaydiki, deydi huquq himoyachisi, qirg’in asosan 11 -14 uyun orasida kechgan. 11 uyin kuni erta tongdan O’shdagi o’zbek mahallari va shahar yaqinidagi qishloqlarga o’t qo’yilgan. Aholi hujumlarga qarshi javob berishga harakat qilgan. Xunrezliklar tezda Jalol-Obod va Bozorqo’rg’on shaharlariga ham tarqalgan. Butun boshli mahallalar yonib kul bo’lgan hollar ko’p.
Human Rights Watch tashkiloti xodimlarining bayon qilishicha, BTR va boshqa vositalarda kelib, aholini qirgan kimsalar asosan harbiy kiyimidagi odamlar bo’lgan. Hukumat jinoyatchi to’dalar harbiylardan bu vositalarni tortib olgan deydi.
Lekin guvohlarning aytishicha, xonadonlarga bostirib kirganlarning ko’pi aslida harbiy ekanini yashirmagan. “Odamlar militsiya bizga yordamga kelayapti deb aldangan”, deydi huquq himoyachilari.
Hozirda ketayotgan milliy tergov va boshlanishi kutilayotgan xalqaro tekshiruvda organlar qirg’inning oldini olish va to’xtatish uchun aynan nima choralar ko’rgani aniqlanishi, mutasaddilar va xavfsizlik kuchlari rahbarlari murakkab savollarga javob berishi kerak bo’ladi.
Andrea Berg Qirg’iziston hukumati olib borayotgan tergovni yaqindan kuzatib borayotganini, hozirgacha 3500 dan ortiq jinoiy ish qo’zg’atilganini aytadi. Bosh prokuraturaga ko’ra, 243 kishi qamoqda. Rasmiylar ayblanuvchilarning elatini yashirishga harakat qilmoqda, lekin Human Rights Watch hisobicha, ularning aksariyati o’zbeklar. Hibsdagilarning 60 dan ziyodi qiynoqqa solingani, kamida bir kishi bardosh bera olmay o’lgani haqida ma’lumotlar bor. O'shlik 20 yoshli Xayrullo Omonboyev.
Rahbariyat, xususan prezident Roza Otunbayeva Human Rights Watch vakillari bilan uchrashganida, tergov paytida qonunlar va inson huquqlari buzilayotganini jiddiy muammo deb atab, ularni tan olgan. Lekin ularni bas qilish uchun nima chora ko’rilmoqda? Qirg’iziston hukumati mana shu savolga javob bermayapti.
Human Rights Watch nazarida mahalliy organlar zo’ravonlik qilib turib ham, uning zo’ravonlik ekanini tan olishdan bosh tortmoqda. O’shda huquq-tartibot xodimlariga murojaat qilib, nima qilayapsiz deb so’rasangiz, tartib saqlash uchun shunday chora ko’rish kerak deb javob beradi. Huquq himoyachilarini, xususan Human Rights Watch tashkilotini uydirma va tuhmatlarda ayblayotganlar ham bor.
”Biz tarafkashlik qilayotganimiz yo’q”,- deydi Andrea Berg.
“Aybi bo’lsa, o’zbekmi qirg’iz, qilgan ishi uchun javob bersin. Lekin uni qonuniy tergov qilish kerak. Ham mahalliy, ham xalqaro qonunlar buzilayapti hozir”,- deydi u.
Mutaxassis O’shdagi manzarani qayg’uli va qaltis deya baholaydi. O’zbeklar yo chiqib ketayapti yo alohida, izolyatsiyada yashashga harakat qilmoqda. Nonini o’z mahallasida yopib, o’z mahallasida sotadi. Avvalgidek bozorga chiqishlar yo’q. Kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar sotadigan bozorlar kichrayib, mahallalarga ko’chgan.
"Odamlar hech kimga ishonmaydi. O’z kichik dunyolarini yaratib, o’sha yerda begonalarga qo’shilmagan holda kun kechirishga o’tgan. Uy-joyini tiklashga ahd qilganlar hukumatdan kompensatsiya kutayotgan edi. Lekin ularga kompensatsiya emas, qarz-kredit beriladi degan gaplar bor. Aholiga yana bir zarba”,- deydi Andrea Berg.
O’zbeklarga axborot yetib borishi qiyin bo’layapti. Hukumat qarorlarini ular faqat mish-mishlar va ko’chadagi gap-so’z orqali bilayapti, deydi u.
Human Rights Watch qirg'inda qancha odam o'lgani haqida aniq ma'lumot bermaydi. Kamida 371 kishi, lekin undan ancha ko'p bo'lishi mumkin deb tan oladi. Aholi orasidagi hisoblarga ko'ra, halok bo'lganlar 2000 dan ziyod bo'lsa ajabmas.