Qirg’izistonda elatlararo g’avg’o jahonni, yoshu qarini junbushga keltirdi, dillarni vayron qildi. Jabr ko’rgan kishilarga kim pul bilan, boshqalar kiyim-kechak, bir og’iz shirin so’z bilan yordam berishga oshiqmoqda. Qo’l qorushtirib o’tirish – benomuslik.
Qo’shma Shtatlarda o’qib ishlayotgan markaziy osiyolik yoshlar bir yoqadan bosh chiqarib olijanob bir loyihaga qo’l urgan.
Qirg’iz-o’zbek tinchlik tashabbusi qirg'in avjiga chiqqan pallada paydo bo’ldi.
Uning mualliflari - xorijda ilm va imkoniyat izlab yurgan kishilar, ko’pining oilasi Qirg’ziston yoki qo’shni O’zbekistonda.
O’sh, Jalolobod, Bishkek, Qorasuv, Toshkent, Samarqand, Xorazm va boshqa shahar, viloyatlarning farzandlari. Amerikalik va rossiyalik do’stlar ularni yaqindan quvvatlamoqda.
Mablag' to'playapmiz, telefonlarga pul tushirib turibmiz...
Damira Kamchibekova Vashingtonda advokat bo’lib ishlaydi. Asli O’shdan, hozir oilasi Toshkentda. Lekin Qirg’izistonda qarindoshlari ko’p.
“Yosh mutaxassislar bir bo’lib, tinchlik tashabbusini tuzdik. Global tarmoqda veb-sahifamiz bor. Odamlar u yerga kirib, dardini to’kib solishi, nima yordam kerakligi haqida takliflar bilan chiqishi mumkin. Bundan tashqari mablag’ to’plab, Xalqaro Qizil Xoch jamg’armasiga jo’natayapmiz. Mahallalarda qamal holatida qolayotgan, insonparvarlik yordami yetib bormagan oilalarga telefon aloqa bobida yordam beramiz. Ular tashqi dunyo bilan faqat mobil telefonda gaplashmoqda. Unga pul tashlab turishning iloji yo’q-ku. Biz bu odamlarning uyali aloqa hisobini to’ldirib turmoqchimiz”, - deydi u.
So’nggi bir necha kun davomida qirg’iz-o’zbek tashabbusi 1100 dollardan ziyod mablag’ jamg’arishga muvaffaq bo’lgan. Pul Qizil Xochga jo’natilgan.
Bu yosh qiz-yigitlar boshqalarni ham pul berishga undar ekan, poydevori pishiq, sabr-toqatli jamiyat qurishni orzu qiladi.
Aynur Ismoilova AQShning Merilend Universitetida tilshunoslik bo’yicha loyihani boshqaradi.
“Jalolobodda yashab yurganimda sen o’zbeksan, sen qirg’izsan deb aytishganini eslay olmayman. Qo’shni o’zbeklarga yordam berardik. Bizga kerak bo’lsa, ular kelishardi. Ikki elni gijgijlatgan provokatorlarning ishi bu bo’layotganlar. Bakiyevning puliga uchib qilgandir o’sha aqlsiz yoshlar. Qanday qo’li bordi ekan deb tilim lol. Qanday qilib qardosh elingga, chaqaloq, go’daklarga, ayollarga qo’l ko’tarasan”?
Bu ishlar qayta takrorlanmasligi uchun, deydi Aynur, yoshlarni tarbiyalash, ularni bilimli qilish kerak.
“Bo’sh vaqtida nima qiladi bu yoshlar? Televizor ko’radi, video o’ynaydi. Unda yaxshi narsa ko’rsatarmidi – hammasi ur-so’y, qir. Shu to’g’ri deb o’ylaydi-da! Odam o’ldirish o’yinchoq! Hozir student uyushmalari ko’p, lekin ovulda katta bo’layotgan yoshlarning hammasi ham universitetga kirmaydi-ku! Yuradi sang’ib. Bunda davlatning ham, bizning ham aybimiz bor. Maktabdan, birinchi klassdan, ovuldan boshlash kerak tarbiyani”, - deydi Aynur Ismoilova.
U kelgusida o’z ovulida kichik bir biznes ochib, o’g’il-qizlarni kasb-hunarli qilmoqchi. “Tikuv-bichuv, soch turmaklash bo’lsa ham mayli. Qo’li, aqli band bo’ladi shunda ularning”, - deydi u.
Mojarolarni tadqiq qiluvchi xalqaro tashkilot xodimasi, ismini aymaslikni so'ragan mana bu suhbatdosh ham masala yechimi ta’lim va ma’rifatda deb hisoblaydi. Uning oilasi, ota-onasi O’shda.
“Hozir, ayni damda odamlarga dori-darmon, ovqat yetkazib yordam berishimiz mumkin. Shuning harakatidamiz. Ularning telefonlariga pul to’lab turmoqchimiz. Kelajakda esa maktablarni yaxshilash, bolalarga puxta bilim berishimiz lozim. Bolaning fahmi ancha-munchaga yetsa, bilimli, ma’lumotli bo’lsa, ota-onasidan yaxshi tarbiya olsa, jinoyatga qo’l urmaydi",- deydi u.
"O’zim ham maktablar quraman degan niyatim bor. Avvaldan rejam shu edi, bugungi voqealardan keyin qarorim qat’iy. O’qitish kerak bolalarni”, - deydi u.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi xodimi Murod Omoyev Qirg’iziston demokratik va adolatli jamiyatga aylanadi degan umidda.
“Shunday jamiyatki, o’zbek, qirg’iz, uyg’ur emas, dastavval fuqaroman deb ko’krak kera olaylik. Mening qo’limdan nima keladi deysizmi? Saylovda qatnashib ovoz bera olaman – bag’rikenglikni targ’ib qilgan siyosiy kuchlar uchun. Konstitutsiyaviy referendumda ovoz beraman. Do’st-birodar, tanishlarim bilan gurunglashib, tinchlikni targ’ib qilaman. O’zim Qirg’izistondanman, bo’lg’usi rafiqam O’zbekistondan. Bu mening ham fojeam”, - deydi Murod Omoyev.
O’zbekistonlik Muhsim Rahimov Virjiniya shtatida yashaydi, kompyuter sohasida mutaxassis. "Murod bilan do’st tutindik, qardoshim, birodarim endi u", deydi Muhsim.
“Hozir qirg’iz va o’zbek xalqi o’rtasida g’azab hissi juda kuchli. Tinchlik, tartib o’rnatilmas ekan, aybdorlar jazolanmas ekan, alam unutilishi qiyin. Besh-o’n yildan keyin takrorlanishi hech gapmas. Shunda qirg’iz o’zbekka, o’zbek qirg’izga o’z-o’zidan qo’l ko’tarmaydi. G’alamislar ishga aralashadi. AQShda yashayotgan biz yosh mutaxassislar bu adovatni tugatishga chaqiramiz”, - deydi Muhsim Rahimov.
Biror chora ko’rilmasa, deydi bu yoshlar, Qirg’izistonda boshlangan gumanitar halokat qo’shnilarni ham girdobga tortishi aniq.