Qirg’iziston hukumati yengil alkogol mahsuloti importini keskin cheklagan. Bu aholi shikoyatlariga javob choradir.
Ota-onalarning aytishicha, bu “matoh” har yerda erkin sotiladi va bolalar orasida mastlik keng tarqalib bormoqda. Izlanishlar natijasiga ko’ra, spirtli ichimlik iste’mol qiluvchilar yoshi o’rtacha 12-16 da.
Qirg’izistonga bu mahsulot qariyb uch yil avval olib kelina boshlagan. O’tgan davr ichida import 20 barobar ko’paygan va unga, ko’pincha, o’smirlar ruju qo’yadi.
O’shlik Akmal Zokirov talabalik paytidan ko’nikkan bunga.
“Do’stlarim sababchi bo’lgan. Senga kuch-quvvat beradi, deyishgan. Birinchi bor ichganimda o’zimni boshqacha his qilganman. Imtihonlarga tayyorgarlik paytida kechgacha dars qilish uchun ham ichardik. Darhaqiqat, uxlab qolmaslikka yordam berardi. Ammo keyinchalik ko’nika boshladim. Ichganim sari, ichgim kelaverardi, vujudim shuni talab qila boshlagan. Huddi sigareta, nikotinga ko’nikib qolishdek gap”, - deydi u.
Mutaxassislar fikricha, tarkibidagi kofein, natriy benzonat, turli rang, hid va ta’m beruvchi qo’shimchalar o’sib borayotgan organizmni yemiradi.
Narkolog shifokor, mahalliy nodavlat tashkiloti rahbari Mamasobir Burhonovning aytishicha, yuqori sinf o’quvchilari sharobga o’rganib qolayotgani sir emas.
“Ota-onalar farzandlarida salbiy o’zgarishlarni payqagan. Ichimlik yarim kechagacha ta’sirni yo’qotmaydi. O’smirlar fikrini bir joyga qo’ya olmaydi. Maishatga mukkasidan ketadi”, - deydi Burhonov.
Shifokor sotuvchilar bilan gaplashganida ular:
“Bizga farqi yo’q kimga sotish va ichimlik qanday oqibatlarga yetaklashining”, - deb javob qilgan.
“Har qanday eyforiya, xushkayflik uyg’otadigan ichimlik ko’nikishga olib keladi. O’sha “suvni” topa olmaganda kayfiyati yo’qoladi, tushkunlikka tushadi. O’smirning ruhiy va jismoniy ahvoliga putur yetadi”, - deydi suhbatdosh.
Yengil alkogol iste’molini kuzatish borasidagi hukumat qarorini ayrim iste’molchilar va mutaxassislar qo’llaydi.
“Men do’konlarda ochiq sotishga qarshiman. Ayrim savdogarlar biznesimni rivojlantiraman deb, qolganlarning sog’lig’iga ziyon keltirayapti. O’lkamizga bu kabi ichimliklarni olib kelishning hech foydasi yo’q”, - deydi narkolog shifokor Burhonov.
Qirg’iziston hukumati Sog’liqni saqlash vazirligiga yengil alkogol zararini tekshirib, kerakli hujjatlarni taqdim etishni topshirgan. Ekonomika vazirligi ham savdoni cheklash borasida tavsiyalarini ishlab chiqishi kerak bo’ladi.