Qirg’izistonda AQSh harbiy samolyoti quladi

  • Amerika Ovozi

Boeng KC-135 samolyoti qulagan joy, Chaldovar qishlog'i. 3-may, 2013

Qirg’izistonda AQShga qarashli harbiy samolyot qulagan.

Voqea Amerikaning Afg’onistondagi jangovar bo’linmalari uchun muhim o’tish punkti – Manas bazasidan 160 kilometr g’arbroqda ro’y bergan.

Rasmiylarning aytishicha, KC-135 rusumidagi yonilg'i tashuvchi samolyot haqida gap ketayapti.

Samolyot havoga ko'tarilgach, ko'p o'tmay portlab bo'linib ketgan. Talofatlar haqida aniq ma'lumot yo'q. Voqea mahalliy vaqt bilan kunduz soat 3 larda ro'y bergan.

Samolyot bortida uch kishi va 60 tonna yonilg'i bo'lgan. Guvohlar o'sha payt havoda parashyut ko'rganini aytadi. Halokat sababi hozircha aniq emas.

Ekipaj a'zolaridan ikki nafarining jasadi topilgan. Uchinchisi qidirilmoqda.

Manas xalqaro aeroportiga qo’shni tranzit markazi 2001-yil oxirida ochilgan va Afg’onistondagi harbiy kampaniya uchun strategik manzil vazifasini o’taydi.

Afg’onistonga kirib-chiqayotgan qo’shinlar shu yerdan o’tadi, samolyotlar yonilg’i quyib oladi. Baza ijarasi uchun Amerika Qirg’izistonga yiliga 60 million dollar to’laydi.

Bu orada, dushanba kuni Afg’onistonda, AQSh tomonidan yuritilayotgan Bagram harbiy bazasida yuk tashuvchi samolyot halokatga uchrab, yetti kishi jon bergan edi.

http://www.youtube.com/embed/y2DAQw8_5Sc