Qirg'iziston parlamenti Jeenbekov iste'fosini ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

Qirg'iziston parlamentida hokimiyatni topshirish marosimi, Bishkek, 16-oktabr, 2020

Qirg’iziston parlamenti Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’fosini ma’qullashi ketidan sobiq rahbar qonunchilar oldida so’zga chiqdi.

U Yaratgan va xalq oldida vijdoni toza ekanini aytdi. Jeenbekovning prezidentlikdan ketishi natijasida hamda parlament spikeri Qanat Isayev uning o’rnini egallashdan bosh tortishi ketidan shu hafta bosh vazir lavozimini egallagan Sadir Japarov prezident vakolatlarini ham vaqtincha bajarib turadi.

Japarov yangi saylovlarni nazorat etishga so’z berdi. Unga ko’ra, hukumat tinch yo’l bilan, talon-tarojsiz o’zgarmoqda va bunga shukur qilish kerak.

"Tashqi siyosat va boshqa yo’nalishlardagi siyosatimizni yuritishga harakat qilaman”, - dedi u.

Bosh vazirlikka umid qilgan deputat Omurbek Tekebayevning aytishicha, muvaqqat rahbar saylovda qatnasha olmaydi. Qirg’iziston tarixida bir odam shu kunga qadar ikki oliy lavozimni bir paytda egallamagan hali.

"Taqdir sizga shunday sinov va imkoniyat beribdi. Sizga omad tilaymiz va bu ishda qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Tekebayev.

Issiq-Ko’l viloyati hokimini garovga olish harakatida ayblanib, 2017-yilda 11,5 yilga qamalgan Japarov 6-oktabr kuni tarafdorlari tomonidan ozod etildi.

Yangi saylovlarning aniq kuni belgilanmagan hali. Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurjan Shaildabekovaning aytishicha, parlament saylovlari 20-dekabr kuni, prezident saylovlari esa 17-yanvargacha o’tkazilishi mumkin.

Bugun deputatlar favqulodda holatni bekor qildi.