Qirg’izistonda Markaziy saylov komissiyasi tarqatilib, 4-oktabrda o’tgan parlament saylovlari natijasi bekor qilinishiga qaramay, respublikada siyosiy vaziyat hamon beqaror, aniq rahbariyat yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Chorshanba kuni parlamentdagi ayrim deputatlar Prezident Sooronbay Jeenbekovni lavozimidan olish uchun impichment jarayonini boshlashga harakat qildi. Davlat rahbari xalqqa murojaat qildi.
“Siyosiy partiyalar rahbarlari bilan shaxsan gaplashyapman. Partiyalar vaziyatni barqarorlashtirish yo’liga kelisha olgani yo’q”, - dedi Jeenbekov.
Qirg’iziston prezidentining hozir qayerdaligi noma’lum. Xavfsizlik kengashi kotibining o’rinbosari Omurbek Suvanaliyev rahbarlar qochib ketganini, hokimiyat kengashga o’tganini aytdi.
Suvanaliyev Jeenbekov va boshqa rasmiylar mamlakatni tark etmasligi uchun Qirg’iziston chegarasini yopishni buyurgan. Biroq Jeenbekovning matbuot kotibi To’lg’anoy Stamaliyevaga ko’ra, prezident Bishkekda, bugun u parlament yangi spikeri Miqtibek Abdildayev bilan impichment masalasini muhokama qilgan.
Muxolif partiyalarning bir qismi muvofiqlashtiruvchi kengash tuzib, 2017-yilda 11,5 yilga qamalgan sobiq qonunchi Sadir Japarovni jazo koloniyasidan chiqarib, nomzodini bosh vazirlikka ko’rsatdi. Ikki kun oldin parlament Japarov nomzodini tasdiqladi, biroq muxolifatning boshqa vakillari bunga qarshi chiqib, o’z muvofiqlashtiruvchi kengashini tuzmoqchi va bosh vazirlikka boshqa odamni ko’rsatmoqchi. Ularga ko’ra, Japarovni tasdiqlash jarayonida 40 ta deputat qatnashgan, xolos, kvorum bo’lmagan, qonunga ko’ra esa vazirlar mahkamasini tayinlash kabi qarorlarni qabul qilishda parlamentdagi 120 deputatdan kamida 61 nafarining ovozini olish zarur.
“Ba’zilar o’z maqsadlariga erishish uchun qamoqdan ayrim odamlarni ozod etib, muvofiqlashtiruvchi kengash tuzishdi. Kengashga yana o’sha eski odamlar kirdi. Orasida umuman yoshlar yo’q. Menga ham kengashga a’zo bo’lishni taklif etishdi, ammo men xalq inqilobiga aloqasi yo’q odamlar bilan bir stol atrofida o’tirishni istamayman”, - dedi “Ota-Makon” muxolif partiyasi a’zosi Elvira Surabaliyeva.
Qirg’izistonda saylov natijalari bekor qilinishi ketidan bir oy ichida yangi saylovlar o’tkazilishi kerak. Ayni paytda saylovdagi qonubuzarliklarga qaysi siyosiy partiyalar qo’l urgani aniqlanmoqda. Aybdorlar keyingi saylovga yaqinlatmasligi aytilyapti.
Ko’ngillilar poytaxt Bishkek ko’chalarini tunda nazorat qilmoqda. Suvanaliyevning aytishicha, mamlakatda uyushgan jinoiy guruhlar vakillari faollashgan.
Bishkekda prezident va muxolifat tarafdorlari namoyish qilmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qirg’izistondagi vaziyatni tartibsizlik deb ta’rifladi.