Qirg’izistonnning O’sh va Botken viloyatlari bilan chegaradosh Tojikiston qo’shnilarga insonparvarlik ko’magi jo’natar ekan, ziyolilar xunrezlik sababi va uning oqibatlari haqida ma’lumot to’plashga harakat qilmoqda.
Xo’janddagi “4-hokimiyat” nomli media-resurs markazi maslahatchisi, mustaqil jurnalisti Alisher Tolibov Qirg’iziston janubidagi etnik fojeadan Rossiya o’z manfaati yo’lida foydalanadi degan fikrda.
Uning aytishicha, u tomonni ham, bu tomonni ham qo’llab turish har doim Rossiya manfaatida bo’lgan. “Rossiya bu o’yinlarda har doim yutib kelgan”, - deydi Tolibov.
“Rossiya Markaziy Osiyoda tarixan o’z hukmini o’tkazishga intilgan. Mintaqani o’z tasarrufida saqlab turish uchun bilib-bildirmay juda ko’p yashirin harakatlar olib borganini tarixshilar yaxshi bilishadi. Janubdagi voqealar misolida ham shuni kuzatish mumkin”, - deydi Tolibov.
Tojikistonda rus tilida chop etiluvchi “Tretiy vzglyad” nomli respublika mustaqil siyosiy gazetasi direktori, Oliy Majlis sobiq deputati, yozuvchi Bobojon Ikromov fojea sabablarini tahlil etarkan, ko’plab savollarga javob topish zarur deb biladi.
“Bu qonli voqealar tarixiy ildizga egami-yo’qmi, bu ishda qudratli davlatlar qo’li bormi-yo’qmi, bu xunrezlik, to’polonli rejani tayyorlashda ekstremistik va terroristik kuchlar qo’li bormi yoki yo’qmi? Va oxirgisi, Afg’onistondan Markaziy Osiyoga va undan Yevropa hamda dunyo davlatlariga narkotik moddalar tashuvchi mafiya guruhlari bu ishga aloqadormi-yo’qmi ekanini aniqlash kerak bo’ladi”, - deydi sobiq deputat.
Xo’janddagi media-resurs markazi xodimi Tolibov fikricha, Rossiya demokratik o’zgarishlar yo’lida muvaffaqiyat qozonib kelayotgan Qirg’iziston uning izmidan chiqishini istamaydi.
“O’ylaymanki, Qirg’izistonning G’arbu Amerika tomon qadam qo’yishini, masalan, Rossiya istamaydi. Nafaqat, Qirg’iziston, balki butun Markaziy Osiyo Kreml izmida bo’lishini istashadi”, - deydi Tolibov.
Sobiq deputat Ikromov Qirg’izistondagi etnik fojea sabablariga tahlilchilar turlicha yondashayotganini aytarkan, aslida bu xunrezlikka qudratli davlatlar 10-15 yil oldin tayyorgarlik ko’rgan deb biladi.
“Zarnisor Farg’ona vodiysi butun Markaziy Osiyo taqdirini hal qilishi mumkin bo’lgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillarga egaligini ular yaxshi bilishadi”, - deydi yozuvchi Ikromov.
Tolibov janubiy Qirg’izistonda “parda ortidа” tashkil etilgan qonli voqealar mintaqa davlatlariga dars bo’lishi kerak deb tushunadi. Uning fikricha, Rossiya Markaziy Osiyoning har qanday davlatida to’polonga yo’l ochishi mumkin.
“Nazarimda o’tgan etnik fojeaning sabablari, adovat qay tomondan va qanday qo’zg’atilgani xalqaro tekshiruvchilar tomonidan puxta o’rganilishi, aybdorlar aniqlanishi va xalqaro tribunalda jazolanishi zarur”, - deydi Alisher Tolibov.
Sobiq deputat Ikromov Tojikiston xalqining qirg’iz va o’zbek xalqiga mehrini e’tirof etgan holda har ikki xalq ham bu nayranglardan, adovat va gina-kuduratdan mag’rur chiqa oladi, deb ishonadi.
“Chunki, biz Markaziy Osiyo mintaqasida yashayotgan barcha xalq uchun tinchlik, birodarlik, mehribonlik va do’stlikdan boshqa yo’limiz yo’qir”, - deydi tojik yozuvchisi Ikromov.