Qirg’izistonda muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva “qirg’inni qo’zg’atgan, uni amalga oshirgan odamlarni jazolaymiz”, deydi. Hukumat puxta tergov o’tkazishga so’z bermoqda.
Qirg’iziston va o’zbekistonlik yoshlar buni olqishlamoqda. Yana bir ish qilinishi lozim, deydi ular, “o’zbek xalqidan kechirim so’rashimiz shart”.
“Qirg’iziston hukumati o’z fuqarolarini himoya qila olmadi va buning uchun uzr so'rashi lozim. Eng kamida qilinadigan ish bu”, - deydi qirg’izistonlik Murod Omoyev, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi xodimi.
Asli o’shlik, hozir Vashingtonda advokatlik qiladigan Damira Kamchibekova nazarida ham muvaqqat rahbariyat o’zbek fuqarolari taqdiriga ko’z yumgan.
“Rasmiylar tergov o’tkazib, aybdorlarni jazolashi kerak. Men jazo deb qonxo’rlik, shafqatsizlik haqida gapirayotganim yo’q. Adolat qaror topsin. Chunki qochqinlar vataniga qaytishi kerak-ku. Mening oilam ham “ahvol sal tinchisa, qaytamiz” deb turibdi. Uy-joyimiz, yerimiz o’sha yerda. O’zbek xalqi hech qachon yerini tashlab ketmagan”, - deydi Damira Kamchibekova.
Bu yosh qiz-yigitlar fikricha, jinoyatlar nafaqat Qirg’izistonda, balki xalqaro maydonda muhokama qilinishi lozim. Qotillikka qo’l urgan bolalar qaysi mahalladan, qaysi shahardan ekani aniqlanib, el-yurtga ma’lum qilinsin. Shunday farzandni voyaga yetkazgan jamoa toabad eslab yursin bu qilmishni, deydi ular.
27 iyun kuni yangi konstitutsiya loyihasi referedumga qo'yiladi. Yuz minglab fuqaro ovoz berish imkoniyatiga ega bo'lmasada, hukumat jarayonni kechiktirmoqchi emas. Murod Omoyev nazarida bu to’g’ri qaror.
“Biz bir umr kutib o’tira olmaymiz. Yarim yildan keyin haqqoniy konstitutsiyamiz, mustahkam hukumatimiz bo’lmasa, u yog’i nima bilan tugashi qorong’u. Tog’ri, O’zbekiston hududida qolayotgan fuqarolarimiz referendumda qatnasha olmasa kerak. Haqiqatni tan olish kerak. Menimcha, bu insonlarning xayolida hozir bosh qomus yoki saylov emas. Ularning fikri, menimcha, xavfsizlik, tinchlik, vatanga eson-omon qaytishda”.
Chinora ismli mana suhbatdosh esa qochqinlar Qirg’izistonga qaytishini kutgan ma’qul deb hisoblaydi.
“O’zbek qardoshlarimiz qaytishi, o’ziga kelishi uchun vaqt berish kerak. Balki bu ancha fursat davom etar, ammo ular ham siyosiy jarayonda qatnashish huquqiga ega. Qirg’iziston ularning ham vatani. Hukumat esa o’z fuqarolarining qaytishi uchun barcha sharoitni yaratishi, ularni uy-joy, yegulik, xavfsizlik bilan ta’minlashi lozim. Toki jabr ko’rgan insonlar yana o’zini uydagiday, bexatar his qila olsin”, - deydi Chinora.
Bu mutaxassislar ta’biricha, Qirg’iziston hali ham farovon davlat bo’lish salohiyatiga ega. Konstitutsiya va referendum ma’qul tashabbus, ammo uning qanchalik ishlashi boshqa masala.