Los-Anjelesda uysizlar ko’paygan, nima sabab?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Hisoblarga qaraganda, Qo’shma Shtatlarda 3,5 million odam uysiz. Kaliforniya shtatining Los-Anjeles shahrida palatkalarda yashayotgan odamlarga ko’zingiz tushadi. Shahar ma’muriyati muammoni hal etish uchun 100 million dollar ajratmoqda.

AQShning ikkinchi eng yirik shahri Los-Anjelesda uysizlar ko’paymoqda. Bu yerda aholining chorak qismi qashshoqlikda yashaydi. Xayriya tashkilotlari nazarida anchadan buyon hal etilmayotgan muammo inqirozga aylangan.

“Uysizlik so’nggi ikki yilda 12-15 foizga oshgan. Ko’chada, palatkalarda hayot kechirayotganlar 80 foizga ko’paydi”, - deydi faollardan biri Joel Jon Roberts.

Aeroport yaqinidagi ko’chalarda turna qator furgon mashinalar. Ularda yashayotganlar fuqarolarga xayriya tashkilotlari yordam beradi.

“Mashinada suv bor, gaz plitasi bor. Ovqat qilsa bo’ladi. Ko’pincha ovqatni o’zimiz pishirib yeymiz” , - bu yerda yashovchi bir ayol.

Los-Anjelesda ijara narxi osmonda, ko’pchilikning cho’ntagi ko’tarmaydi. Iqtisodiy o’sishdan ko’proq boylar foyda ko’rmoqda.

“Buning bir sababi – shaharga ishlash uchun ko’chib kelayotganlar”, - deydi diniy tashkilot xodimi Xerb Smit.

Ishli bo’lsangiz ham uy-joy topish qiyin. Kristian Loflend kam daromadli fuqarolar uchun kvartira olishga ariza topshirib, uni olguncha ko’chada yashab yurdi.

“Moliyaviy, oilaviy, jinoiy, ijtimoiy tarixingiz… hammasini tekshirishadi. Juda ko’p vaqt oladigan jarayon”, - deydi u.

Kelasi 4-5 yilda ajratiladigan 100 million dollar uysizlarni qishda yotoq va vaqtincha boshpana bilan ta’minlashga yordam beradi. Faollarning aytishicha, uysizlarning 40 foizi ruhiy kasal va nogironlar. Ular uchun muolaja hamda kasb-hunar o’rgatuvchi dasturlar ham ishlab chiqish lozim.