Lazer samolyotlarni himoya qila oladimi?

  • Amerika Ovozi

KC-46 Pegasus havo tankeri

Harbiy amaliyotlar paytida jangovar samolyotlar ba’zan hal qiluvchi rol o’ynaydi. Biroq bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar havoda cheksiz vaqt ucha olmaydi. Ular yoqilg’iga muhtoj. Maxsus samolyotlar havoda ularga yoq’ilg’i quyib beradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-sentabr, 2018-yil - Lazer samolyotlarni himoya qila oladimi?

“Boing” kompaniyasi AQSh Harbiy-havo kuchlari buyurtmasiga ko’ra shu tipdagi yangi zamonaviy samolyot yaratdi. “Pegasus” havo tankeri 96 ming litr aviayoqilg’i tashiy oladi. Qizig’i shundaki, apparat qanoti orqali boshqa samolyotga havoda yoqilg’i quyish bilan birga shu paytning o’zida boshqa tankerdan yoqilg’i olishi ham mumkin. “Pegasus”ning havoda xavfsizligini ta’minlash uchun unga lazer qurolini o’rnatish g’oyasi muhokama etilmoqda.

Harbiy-havo bazasidan ancha olisda jangovar topshiriq bajarayotgan samolyotlar havoda “zapravka” qilishga majbur. Biroq bu ishni dushmanga yaqin masofada amalga oshirib bo’lmaydi. Nafaqat yoqilg’i olayotgan samolyot, balki tankerning o’zini ham yo’qotib qo’yish mumkin.

“Boing” kompaniyasining “KC-46 Pegasus” tankeri dushman radari uchun samolyotni ko’rinmasroq qiluvchi texnologiya bilan jihozlangan. Biroq ko’rinmasroq butunlay g’oyib bo’lish degani emas.

“Yoqilg’ini dushman quroli yetadigan masofadan tashqarida quyishga majburmiz, chunki tankerning nishon bo’lishini istamaymiz. Bu esa jangovar samolyotlarimizga dushman hududiga chuqurroq kirishga imkon bermaydi”, - deydi tahlilchi Todd Xarrison.

Aviatsiya generali Karlton Everxart bu muammoga yechim taklif etgan.

“Lazerni ishga solaylik, dedim. Ikki yildan so’ng samolyotga o’rnatilgan lazerni sinovdan o’tkazamiz”, - deydi general.

Agar siz “Yulduzli urushlar” filmida dushman apparatlarini eritib yuboradigan lazerlarni tasavvur qilgan bo’lsangiz, adashasiz.

“Lazer qurollari hujumkor bo’lmaydi, mudofaa uchun ishlatiladi”, - deydi Everxart.

Todd Xarrison lazerning ishlash prinsipini tushuntiradi.

“Bu lazer moslama dushman samolyoti yoki otilgan raketadagi sensorlarni ishdan chiqarishga ixtisoslashgan bo’ladi. Lazer kuchliroq bo’lsa, raketa yoki samolyotni teshib, uni zaiflashtirishi ham mumkin”, - deydi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti.

Biroq unga ko’ra, bunday lazer sinovi yillab vaqt olishi mumkin. Lazer elektr energiyasiga tayanib ishlaydi.

“Agar elektr quvvati ko’p bo’lsa, lazerni cheksiz otsa bo’ladi”, - deydi Xarrison.

Jang maydonida bunday qurol katta xizmat ko’rsatishi mumkin, deydi harbiylar.

“Jang maydonidan uzoqlashmasdan qiruvchi va bombardimonchi samolyotlarni yoqilg’i bilan ta’minlab turishimiz mumkin”, - deydi general.

Ba’zi taxminlarga ko’ra, lazer texnologiyasi havo tankerlariga yana 10 yilda o’rnatilishi mumkin.