Din

Amerikada islomga kirayotganlar orasida latinolar ko'p, ayniqsa ayollar

  • Amerika Ovozi

Islom dinini qabul qilayotganlar orasida ispanzabonlar eng katta guruh. AQShda bu dinga ergashuvchilarning olti foizi Lotin Amerikasidan kelgan musulmonlardir. Ularning yarmidan ko'pi esa ayollar.

Mayami bog'lari masjidida juma namozi o'qilyapti. Imomning xutbasi kechirimli bo'lish haqida.

Ikkinchi qavatga ayollar yig'ilgan. Ular oyna va ekran orqali imom ma'ruzasini tinglayapti.

Greysa Torres to'rt yil oldin AQShga Kubadan kelgan. Hozir musulmon. O'zligimni payg'ambar Muhammad siymosida topdim, deydi u.

Torres hozir ikkinchi farzandiga homilador.

"Bu yerda bizga qiyin, chunki turmush o'rtog'im va farzandlarimdan boshqa oila a'zolarimiz yo'q. Yaqinda farzandim Mahdi tug'iladi. Kelajakdan xavotirdaman, shuning uchun islomga kirdim", - deydi u.

Mayamining o'zida 3000, butun AQSh bo'ylab esa 40 ming ispanzabon musulmon borligi aytiladi.

Florida xalqaro universitetini tamomlagan Stefani Londono Lotin Amerikasidan kelgan muhojirlar orasida dinini o'zgartirayotganlar masalasini o'rgangan.

Uning aytishicha, karyera, o'qish va boylik yig'ish kabi G'arb qadriyatlarini o'zlashtira olmagan ayollar islomga yuzlanmoqda.

Ular an'anaviy ayollik vazifasini afzal ko'radi. Ayrimlar nazaridagi cheklangan ozodlikdan taskin topadi, deydi tadqiqotchi.

"Ularga halol va harom bo'yicha aniq chegaralarning borligi ma'qul. Ular nima qilish kerakligini biladi. Qur'on nima kiyish, nima yeyish, qanday yuvinish, o'zini qanday tutish va qachon ibodat qilish kabi masalalarda qo'llanma vazifasini o'taydi", - deyi Londono.

Feminist musulmonlar hijobni tark etayotgan bir paytda ispanzabon muslimalar ro'mol o'rashdan tortinmayapti. Bu ayollar hijob kiyish bilan birga ispan tilida so'zlashib, islom namoyandasi bo'lishga urinmoqda.

"Odamlar sizni ro'molda ko'rsa, hurmat qiladi. Ikkinchidan, men boshqachaman, degan hissiyot bo'ladi. Nimagadir e'tiqodingiz bor. Bu ajoyib hissiyot", - deydi Greysa Torres.

Ispanzabon musulmon Torresning hijob o'rashi barcha musulmonlar arab yoki Lotin Amerikasidan kelganlarning hammasi katolik, degan qarashlarga chek qo'yadi.

Torres, shuningdek, nasorolik va islom o'rtasida o'xshashliklar ko'pligini qayd etadi.

Ispan tilidagi 4000 so'z arablardan kirib kelgan. "Al" bilan boshlanuvchi deyarli barcha so'zlar. Bu o'rta asrlarda Ispaniyada o'rnatilgan musulmonlar saltanatiga borib taqaladi.

Tillardagi o'xshashlik arab tilida ibodat qiluvchi Torres uchun qulaylik tug'diradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Yangi musulmonlar - Amerika hayotidan/New Muslims in America