O'zbekistonda siyosat va madaniyat, Garvard professori tahlili

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda siyosat va madaniyat/Politics & culture in Uzbekistan/ Harvard professor Laura Adams

Navro'z O'zbekistonda milliy bayram sifatida nishonlanadi. Mamlakatda o’ziga xos bahoriy kayfiyat. Poytaxt Toshkentdan tortib, mamlakatning barcha shahar va viloyatlarida, tuman va qishloqlarida sayl va tantanalar...

Garvard Universiteti (Harvard University) professori, o’zbek xalqi va madaniyati bo’yicha yetakchi ekspert Lora Adams (Laura Adams) 2010-yil chop etilgan kitobini milliy o’zlik tushunchasiga bag’ishlagan. Adams xonimni suhbatga chorladik.

“Maftunkor davlat”

“Maftunkor davlat” (The Spectacular State: Culture and National Identity in Uzbekistan) deb nomlangan, 242 betlik kitob muqovasida Toshkent yuragi, Mustaqillik maydonidagi ikki osmono’par egizak bino va unga yopishtirilgan “Gulla, Yashna, Mustaqil O’zbekiston” degan shiorni ko’rasiz. Nafaqat Garvard, balki Amerikaning boshqa oliygohlarida ham O’zbekiston bo’yicha mana shu darslik o’qiladi.

Lora Adams, O'zbekiston haqida "Maftunkor Davlat" kitobi muallifi, Garvard Universitetida Markaziy Osiyo bo'yicha dars beradi

Muallif nazarida mustaqillikning birinchi 10 yilligi juda muhim davr bo’lgan. Hukumat mafkuraviy monopoliya o’rnatib, Sovet Ittifoqidan qolgan siyosiy va madaniy merosni o’z manfaati yo’lida ishga solib, milliy o’zlik tushunchasini yoydi.

Bunda, deydi Lora Adams, san’at kuchli qurol bo’lib xizmat qildi. Mustaqillik va Navro’z ayyomlari qanday nishonlangani bu siyosatning yaqqol isbotidir, deya tahlil qiladi u. Dabdabali marosimlar, konsertlar, ommaviy tomoshalar, siyosatchi va san’atkorlarning birga raqs tushib, buyuk millat va davlat madhini kuylashi… Yoshlarni bunga o’rgatishi va shu orqali xalq ongini shakllantirishi.

O’tgan yillar ichida tantanalar hovuri sal pasaygandek, lekin siyosat o’zgarmagan. Xalq bu bayramlarda o’ziga o’zi maftun. Davlat sifatida oyoqqa turishga urinayotgan jamiyatlarga xos manzara, deydi Lora Adams.

"Maftunkor davlat" nomli kitob O'zbekistonda madaniyat va milliy o'zlik tushunchalarini tahlil qiladi

“O’zbekiston mustaqil bo’ldi, endi bu jamiyat o’zligiga qaytadi deb o’ylaganlar adashdi… Xalqaro madaniyatga qiziqish juda kuchli ekanini ko’rdik. Sovet davrida o’zbek san’ati, masalan shashmaqom chetga surilgan edi. Uni rus operasi va klassik musiqaga teng ko’rishmas edi. E’tibordan chetda qolgan yana bir narsa bu ona tili edi. Rus tilini bilmasangiz, sizni madaniyatli odam deb hisoblashmas edi… Mustaqillikka erishilgach, bu muammolar tan olinib, til va o’zbek mumtoz musiqasiga e’tibor oshdi. Milliylikka urg’u berildi, elatning o’ziga xos urf-odatlari va qadriyatlariga… Shu bilan birga O’zbekiston jahon madaniyatida ham o’z o’rnini topishga harakat qildi. Milliylik globalizatsiya bilan qorishildi. Bunga yaqqol misol, Toshkentda har yili o’tadigan ulkan tantanalar… Olimpiya o’yinlari ochilish marosimlarini eslatadi, shunday emasmi?” – deya tahlil qiladi Lora Adams.

Milliy tiklanishda san’at roli

“Milliy tiklanish yuzasidan olib borilgan siyosat haqida o’ylang. Birinchidan, tarix qayta yozildi. Milliy qahramonlar, masalan Amir Temur siymosi baland ko’tarildi. Xalq og’zaki ijodi va milliy adabiyotga e’tibor qaratildi. Lekin qattiq nazorat ostida… Masalan, jadidlar adabiyoti tiklanishiga yo’l berilmadi. Yana bir misol, bu diniy uyg’onish qanchalik nazorat qilinishi, mustaqil e’tiqod mumkin emasligi”.

O’zbek adabiyoti rivojlanadi deya umid qilingan edi. Bugun sifatli adabiyot oz, ma’naviy va intellektual ozuqa beradigan manbalar kam.

“Televideniye va kino hozir kuchli qurolga aylangan. U orqali davlat o’z mafkurasini propaganda qilishga o’rgangan. Lekin odamlar eng sevib tomosha qiladigan narsalar bular chet el seriallari. Lotin Amerika, Janubiy Koreyada ishlangan videofilmlar”, - deydi Lora Adams.

Olima fikricha ular xalqni tashqi dunyo bilan bog’laydigan vositalar va ruhiy-ma’naviy ta’siri katta. Yaqinda O’zbekiston ekranlaridan turk seriallari olib tashlandi. Nima uchun, tushuntirilmagan. Shunisi aniqki, ularda din ochiq muhokamada va bu O’zbekiston hukumati nazarida, xavfli sanalishi mumkin.

Xotin-qizlar jamiyat ko’zgusi

O’zbekistondagi bugungi madaniyatning yana bir jihati, deydi Lora Adams, bu xotin-qizlar hayoti va dunyoqarashi. Bir tomondan ular ziyo istaydi, bilimli, kasb-hunarli, layoqatli fuqarolar bo’lishni xohlaydi. Zamon talablariga javob berishga harakat qiladi. Ikkinchi tomondan esa, ular mag’rur o’zbeklar. Azaliy urf-odatlar va an’analarga rioya qilishga harakat qiladi.

O'zbekistonning pillachi ayollari

Ko’plab ayollar buning har ikkisini uddalaydi, deydi Lora Adams. Eng muhimi, ular imkoniyat izlaydi. O’z taqdirini o’zi belgilashga intiladi. Masalan, ularning qanday kiyinishi. Kimdir g’arbcha rusumda, kimdir esa dindan kelib chiqqan holda kiyingisi keladi. Buni hukumat emas, o’zi hal qilishni istaydi. Davlat, shubhasiz, dunyoviylikni targ’ib qiladi.

“O’zbek madaniyatini hamma o’zicha talqin qiladi. Me’yorlar bor, lekin ular qattiq belgilanmagan. 1990-yillar shunisi bilan qiziq. Odamlar ko’chada ularga yoqmaydigan kiyimni kiyib ketayotgan qizga baqirishi, urishishi mumkin edi. Lekin bu bilan o’zbek ayollari butunlay o’ranib olmadi. Aytmoqchimanki, xotin-qizlar o’zi bilib kiyindi, o’zi bilib ish tutdi. Erkaklarga kelganda ham shu. O’zbeklik, milliylik nima degan savolga hamma har xil javob beradi”, - deydi Lora Adams, o’z izlanishlariga asoslanib.

Millat borki, yagona

Millat borki, o’zini dunyoda yagona deb biladi. Boshqa hech kim bizga o’xshamaydi, deydi. Jahon va insoniyat tarixida bu yangi narsa emas. Mustaqillikning 21-yilida mintaqadagi har bir davlat o’zini “eng buyuk” va “yagona” deb tanishtiradi. Lora Adams deydiki, o’zbek xalqi baribir ajralib turadi.

Tashqaridan qaraganda, deydi u, o’zbeklar hech kimga bo’yin egmaydigan va hech kimga ergashmaydigan xalqdek ko’rinadi. Dunyodan hurmat-izzat talab qilish, nazarimda, tabiiy narsa.

"Lekin bu yerda katta bir haqiqatni ham tan olmoq zarur. O’zbekiston rahbari Islom Karimov o’z siyosatini o’zbek g’ururiga taqaydi. O’z qarorlari, masalan biror mintaqaviy kelishuvga bosh qo’shmagani yoki bozor iqtisodiyoti tomon sekinroq qadam tashlayotganini “o’zbeklar hech kimga bosh egmaydi” deb tushuntiradi. Odamlar Qirg’iziston va Tojikistondagi achinarli ahvolga qarab, Karimov to’g’ri qilgan deyishi mumkin. Lekin odamlar shuni ham tushunmoqdaki, Karimovning hamma qarorlari ham to’g’ri emas va balki, O’zbekiston sal boshqacha yo’ldan ketganida hayot bugun osonroq va yaxshiroq bo’lardi”.

Lora Adams fikricha Islom Karimov o’zbekchilikka, o’zbek xalqi esa rahbarga tayanadi.

Kattaga hurmat, tepada o’tirganning gapini ikki qilmaslik, o’z xalqini, mentalitetni savolga tutmaslik, tanqidiy fikrlash odobsizlik deb ko’rilishi, so’zsiz bo’ysunish, o’z fikrini tushuntira olmaslik singari illatlar faqat o’zbeklarga xos emas, lekin bu jamiyatni tubdan qiynab kelayotgan odatlar. Bu boshqaruv va butun jamiyatda mas’uliyatsizlik uchun zamin yaratadi. Javobgarlik hissi yo’qoladi. Odamlar mustaqil qaror qilishdan, biror tashabbus bilan chiqib uni amalga oshirishdan qo’rqadi.

Hamma tepaga qarab o’tiradi, deydi Lora Adams. Hukumat ma’qullamagan ishlar jinoyat deb qaraladi, xuddi oilaga qarshi harakat qilayotgandek. Bu degani o’zgarish bo’lishi qiyin. Chunki yangi g’oyalar yetishmaydi. Tepada o’tirganlarning pastdagilar bilan ishi yo’q. Orada katta uzilish. Rahbarlar xalq hayoti haqida ko’p narsa bilmaydi yoki o’zini bilmaganga oladi.

Bugun O’zbekistonning Amerikadagi imidji qanday?

Lora Adams deydiki, O’zbekiston o’z nufuzini oshirish uchun juda ko’p ishlar qilishi mumkin, lekin qilmayapti.

Ta’limdan tortib, biznes va siyosatgacha, Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati dadilroq harakat qilishi kerak, deydi u.

Obro’sini oshirish uchun imkoniyatlar yetarli, lekin hukumat ulardan foydalanmayapti. Qadim tarix va madaniyat haqida gapirish bilan ish bitmaydi, deydi u, O’zbekiston olg’a siljiyotgani, zamon bilan namnafas ekanini isbotlab berish kerak.

Afsuski, deydi professor, Gulnora va Lola Karimovalar, prezidentning qizlari, mamlakatning namunali namoyandalari sifatida maydonga chiqmoqda. Dunyo esa buni qabul qilmayapti.

Masalan, o’tgan yili Nyu-Yorkda moda ko’rgazmasida Gulnora Karimovaning shousi bekor qilindi. Bunga sabab - O’zbekiston paxta dalalarida bolalar majburan ishlatilayotgani. Bu, deydi olima, O’zbekiston uchun sharmandalik. Tub muammolarni hal etish haqida o’ylash kerak.

O’zbekistonning G’arbda nufuzini oshirishning bir yo’li bu mamlakatni ochish. Dunyo ahli O’zbekistonda nima bo’layotganini ko’rsin, mamlakat ahli esa tashqi dunyoni.

Savdo aloqalariga ko’proq ahamiyat qaratish kerak, deydi Lora Adams. Samarali biznes – taraqqiyot kaliti. Ta’lim va san’atga qancha ko’p urg’u bersangiz, shuncha kam. Masalan O’zbekiston kinosi ancha rivojlangan, lekin tashqi dunyo buni bilmaydi. Ular qozoq yoki qirg’iz kinochilari singari xalqaro maydonda hamkorlik qilmayapti. Buning uchun sharoit yetishmaydi.

“Men muallimman, albatta ta’lim bilan qiziqaman. O’zbekiston bu sohada hamkorlik uchun darvozani kengroq ochishi kerak”, - deydi professor.

Xorijdagi o’zbeklar va O'zbekiston

Bugun millonlab o’zbeklar xorijda yashaydi. Ishchilardan tortib muxolifatchilargacha, mutaxassislardan tortib ilm va imkoniyat izlab chiqib ketgan yoshlargacha. Ular vatan bilan uzluksiz aloqada. Internetdadagi ommabop saytlar vatandoshlar fikr almashadigan, ba’zida bir-birini ilhomlantirib, ba’zida esa bir-birini so’kib, achchiq so’zlar almashadigan sahnaga aylangan.

Muhojirlarning vatanga madaniy ta’siri qanchalik? - deya so’raymiz Lora Adamsdan.

Unchalik emas, deya javob beradi olima.

"Tashqaridagi o’zbeklar qanchalik faollashsa, ichkarida boshqaruv tizgini shunchalik tortiladi. Maqsad xalqni tashqaridan kelayotgan ta’sirdan saqlash. Oxirgi yillarda buning yaqqol guvohi bo’ldik. Xorijdagi o’zbeklar o’z dunyosida, O’zbekiston esa o’z dunyosida yashaydi",- deydi professor.

"Ishchi muhojirlar ko’pchilik, lekin ular asosan tirikchilik tashvishi bilan yashaydi. Chetdan vatanga yangi g’oyalar bilan qaytish mumkin, lekin boshqaruv shundayki, bu tashabbuslar yo’qqa chiqadi. Hukumat aslida ulardan qo’rqmasligi kerak, chunki bu insonlar tuzumga tahdid solayotgani yo’q. Ular vatanim rivojlansin deydi. Rahbarlar aslida hokimiyat uchun ketayotgan ichki kurashdan qo’rqishi kerak. Biz bu haqda ko'p narsa bilmaymiz, ammo men mana shunga tahdid deb qaragan bo’lardim, chetdagi vatandoshlarga emas”, - deydi Lora Adams.