Dok Stoun nomi bilan tanilgan tikuvchi Merilend shtatida yashaydi. U film qahramonlari uchun kostyumlar yaratish bilan shug’ullanadi. Kiyimlarni teridan tikadi. Stoun yaratayotgan kostyumlar san’at asari, o’zi esa charm ustasi.
Dok Stoun soatlab ishlasa-da charchamaydi, tikuvchilikdan zerikmaydi. Qaychibozlik, bichish-tikish uning uchun ish emas, qiziqishday gap. Uch yil oldin tibbiyot sohasidagi ishini tashlab qo’l mehnatiga o’tgan.
“Tavakkal qildim. Odam o’zi yoqtirgan, zavqlanadigan ish qilishi kerak. Tiriklikning ma’nosi ham shu”, - deydi Dok Stoun.
Stoun tukuvchilik bilan shug’ullanarkan, ilmiy-tarixiy, fantastik qahramonlar kiyimlari uning e’tiborini tortdi.
“Bu retro yo’nalish, XIX asrdagi Viktoriya zamonini, benzinga yuradigan motorlardan oldingi bug'li dvigatellar davri shukuhini esga soladi”, - deydi charm ustasi.
Injir Talbot ismli ayol stimpank janri shaydosi. U 1990-yillar televizion shousida mashhur bo’lgan Zina nomli urush qirolichasiningkostyumiga ko’ngil qo'ygan.
“Kostyumning yelka, ko’krak, bilaklarga qo’yiladigan qalqonlari film uchun litsenziyalangan mahsulotlar”, - deydi u.
Stoun Zina kiyimining qolgan qismlarini mijozga moslab beradi.
“Qilichning g’ilofini qulay joylash kerak. Qo’lda olib yurib, u bu kimga sanchib olgandan ko’ra, yelkamda turgani yaxshi”, - deydi Injir.
Qaysi uslubda kiyim tikishdan qat’i nazar, ish andoza olishdan boshlanadi.
“Chizmalarni qog’ozga tushiraman, kesib andoza yasayman. Ko’nglimdagiday chiqqandan keyin teriga qo’yib bichaman”, - deydi Stoun.
U charm mahsulotlari bilan ishlashda o’z uslubiga ega. Avval teri qiyqimlarini bo’yaydi.
Keyin esa parchalarni ulab tikadi. Shu bilan kostyum tayyor.
Stoun internet do’koni ham ochgan. U tikkan kosyumlar sifatli va qo’l mehnati bo’lgani uchun yuqori baholanadi.
“Ba’zi tikuvchilar terini qirqish uchun lazer ishlatadi. Menda 3D printer bor. Kompyuter men uchun tikuv mashinasiday qurol, lekin yakunlovchi ishlarni o’zim qilaman”, - deydi Stoun.
Charm ustasi Dok Stounning ishlarida qo'l mehnati va texnologiya uyg’unlashgan.
Asosiysi, Stoun qilayotgan ishidan baxtiyor.