Germaniya poytaxti Berlinda liberal masjid ochildi. “Ibn Rushd Gyote” masjidini ayollar huquqlari faoli, turk-olmon huquqshunosi va yozuvchisi Seyran Atesh ochdi. Uning aytishicha, bu masjidda ayollar ro’mol o’rashi yoki hijob kiyishi shartmas, erkaklar bilan yonma-yon namoz o’qiydi.
Juma kuni masjidning ochilish marosimida amerikalik islomshunos ayol Ani Zonneveld imomlik qildi.
54-yashar Ateshning aytishicha, masjid hozircha lyuteran cherkovining uchinchi qavatida ishlab turibdi, ammo kelajakda o’z binosiga ega bo’lmoqchi. Unda ilmiy-tadqiqot markazi hamda gomoseksual erkak va ayollar uchun markaz bo’lishi kutilmoqda.
Germaniyada ilk liberal masjidning ochilishi ijtimoiy sahifalarda ko’plab tanqidlarga uchradi. Turkiya Diniy ishlar qo’mitasi ham uni qoralab, bunday masjidni musulmonlarga qarshi provokatsiya deb atadi.
Germaniya hukumati tanqidga javoban davlat odamlarning qanday va qayerda e’tiqod qilishini belgilamasligi kerak, dedi. Atesh Berlinda arab tili va islomdan saboq olib, masjidda imomlikni o’z bo’yniga olmoqchi.
Germaniyada salkam 4,5 million musulmon yashaydi, aksariyati turklar. 3 mingga yaqin masjid bor.