AQSh Kongressi kutubxonasi dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri bo’lib, unda millionlab kitoblar, tasmalar, xaritalar, gazeta-jurnallar saqlanadi. Kutubxonada o’zbek tilida va O’zbekistonga doir minglab materiallar ham bor. Yaqin Sharq bo’limi rahbari Joun Viks yaqinda Markaziy Osiyoda bo’lib qaytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Kongressi kutubxonasi “Amerika Ovozi”dan ikki ko’cha narida joylashgan. Vashingtondagi aksariyat federal binolar kabi qadimiy Yunon me’morchiligi stilida qurilgan. 19-asr boshida ochilgan kutubxona 1981-yilga borib, uch binoni o’z ichiga oladi.
Bu nafaqat ilm dargohi, balki Vashingtondagi sayyohlik manzillaridan biri hamdir. Kutubxona arxitekturasi hamda muzey kabi ko’rgazmalariga qo’yilgan tematik eksponatlar shaharni tomosha qilishga kelgan ko’plab turistlar diqqatini o’ziga tortadi.
Kutubxonada saqlanayotgan 164 milliondan ziyod predmetlardan salkam 40 millioni 470 tilda yozilgan kitoblar va boshqa turdagi bosma materiallar, 70 milliondan ziyodi qo’lyozma, millionlab fotosuratlar. Ular orasida Turkiston va mintaqaning undan oldingi tarixiga oid mana shunga o’xshash tasvirlar ham bor. Ularni kataloglashtirish bilan 1991-yilda ishga kelgan Joun Viks shug’ullanadi.
“Yaqin Sharq bo’limida bir necha tillarda materiallar, jumladan lotin, kirilcha va hatto arabcha yozuvdagi o’zbek materiallari bor”, - deydi u.
Turkshunos mutaxassis yaqinda Markaziy Osiyoda bo’lib, kitoblar va suratlarda ko’rgan manzaralarni, ko’plab amerikaliklarga sirligicha qolayotgan diyorlarni o’z ko’zi bilan ko’rishga muvaffaq bo’ldi.
“Tinchlik korpusi” ko’ngillisi sifatida Turkiyada ishlaganman. So’ng AQShga qaytib borib xalqaro aloqalar, Turkiya va Yaqin Sharq bo’yicha Amerika universitetida magistraturada o’qidim. Kongress kutubxonasiga ishga kirishdan oldin ko’p yil turkiy uyushma bilan hamkorlik qildim. Turkiya va Markaziy Osiyo meni doim qiziqtirib kelgan”, - deydi bo'lim mudirasi.
Joun Viks yoz boshida Markaziy Osiyoga o’z hisobidan borib keldi. Tarixiy obidalar, bozorlar, milliy liboslar, madaniyat meni o’ziga rom qildi, deydi u. Kutubxonaga borganimda mutaxassis mikrofilmlarni kompyuterga tushirayotgan edi.
”O’zbekistonda chiqadigan gazetalar mikrofilmlarga ko’chirilgan. 1940, 1950-yillarda nashr etilgan gazetalar ham bor. Bu o’sha davr bo’yicha izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarga qo’l keladi”.
Kutubxona O’zbekistonda chop etiladigan kitob va gazetalarni qanday qo’lga kiritadi deb o’ylayotgan bo’lsangiz kerak?
“Nashrlarni, asosan, sotib olamiz. Ularni biz bilan ishlaydigan bir shirkatga buyurtiramiz. Ba’zida kitoblarni odamlarning o’zi olib keladi, hadya qilishadi. Ba’zida almashinuv dasturi orqali parlament hujjatlarini ham olib turamiz”, - deydi Viks.
O’zbek tilidagi materiallardan tashqari O’zbekistonga oid xorijiy tillardagi ko’plab materiallar mavzuga qarab kutubxonaning turli bo’limlarida, har xil joylarda saqlanadi. Kongress kutubxonasining veb-saytida qidiruvga “O’zbekiston” so’zini kiritganimizda 10 mingdan ortiq natija chiqdi. Shulardan salkam 8300 tasi kitob va boshqa turdagi bosma materiallar. Turli soha mutaxassislari, tadqiqotchilar, jurnalistlar, talabalar kutubxonada izlanish olib boradi.
“O’zbek kolleksiyasi bilan ishlash uchun, ayniqsa ko’p aspirantlar keladi. Vashingtondagi Jorj Vashington universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha kuchli dastur bor. Boshqa universitetlardan ham tadqiqotchilar kelishadi. Merilend shtatidagi Montgomeri kollejidan o’zbekistonlik bir talaba bo’limimizda amaliyot o’tagan, ko’plab o’zbek materiallarini ro’yxatga olishda yordam berdi. Ayniqsa kiril yozuvida bitilgan o’zbekcha materiallarni O’zbekiston haqida bitilgan rus tilidagi materiallardan ajratishda ancha ko’maklashdi”.
Joun Viks yoz boshida Vashingtonga tashrif buyurgan Xiva hokimining kutubxonaga qilgan hadyasini ko’z-ko’z qildi.
“Men Xiva ko’chalarini aylanayotgan bir paytda Erkin Yoqubov shaharning yog’ochga o’yib tushirilgan go’zal manzarasi maketini kutubxonaga sovg’a qildi. Maketda tasvirlangan ko’chalarni suratga olgan ekanman. Bu suratlarni keyinchalik hokimga yubordim”, - deydi u.
Joun Viks O’zbekistondagi kutubxonalar bilan almashinuv dasturlariga qiziqish borligini aytadi. Bunday dasturlar bilan odatda Amerika kutubxonalar uyushmasi shug’ullanadi. Mutaxassis kelajakda Kongress kutubxonasi yo’llanmasi bilan mintaqaga yana safar qilishni orzu qiladi.