Yaqinda Liviya poytaxti tevaragida migrantlar hibsxonasi havo hujumiga uchrab, 50 dan ortiq odam o’ldi. Yevropaga dengiz orqali chiqmoqchi bo’lgan Yaqin Sharq va afrikalik migrantlar uchun Liviya o’ziga yarasha darvoza vazifasini bajargani uchun mamlakatdagi qurolli to’qnashuvlarga qaramay, migrantlar Liviyaga borishdan to’xtagani yo’q.
Tripoli yaqinidagi hibsxonaga hujumdan so’ng migrantlar namoyish uyushtirib, hukumatdan ularga mamlakatdan chiqishga imkon yaratishni talab qilmoqda.
“Liviyada qolish niyatimiz yo’q. O’rta dengizga chiqmoqchimiz. Terrorizmga aloqamiz yo’q”, - deydi hibsda saqlanayotgan migrantlardan biri.
Odamlar qashshoqlik, ta’qib va mojarolardan qochmoqda. Migrantlar orasida sudanliklar ko’p. Ularning Liviyadagi sharoitlari ham yaxshi emas.
“Biz yashayotgan uy yashashga yaroqli emas. Na eshigi bor, na oynalari. Xavfsiz emas”, - deydi ulardan biri.
Hibsxonada saqlanayotgan ayollar va bolalarning bir qismi Nigeriyadan, qashshoqlik va inson savdosidan qochgan. Yevropaga o’tish ham oson emas. O’rtada turgan odamlarga ko’p pul to’lash kerak.
Yevropaning dengiz bo’yidagi davlatlari migrantlar uchun bandargohlarni yopib qo’ygan, yevropaliklar orasida muhojirlarga qarshi kayfiyatlar kuchli, biroq migrantlarning yangi hayot boshlashdan boshqa chorasi yo’q.