Liviyada prezidentlikka nomzodlar ro'yxatdan o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Liviya marhum rahbari Muammar Qaddafiyning o'f'li Sayful Islom Qaddafiy (chapda) ham nomzodlar orasida

Liviyada prezidentlikka nomzodlar birin-ketin ro’yxatdan o’tmoqda. Bugun sobiq ichki ishlar vaziri Fathi Bashag’a 24-dekabrga belgilangan prezident sayloviga rasman nomzod bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-noyabr, 2021-yil

Shu kun parlament saylovlari ham o’tkaziladi. Bashag’a mamlakatda hukmronlik qilgan ikki hukumatdan birida – g’arbdagi Milliy birlik hukumatida ishlagan. Mart oyida yetakchi siyosatchilar murosaga kelib, umumiy hukumatga kelishganidan so’ng Bashag’a iste’fo bergan.

Saylovlar BMT olg’a surayotgan tinchlik jarayoni doirasida o’tkaziladi, biroq raqib guruhlar va siyosiy elita saylovda kim qatnashishi mumkinligi, saylangan prezidentning vakolatlari qnday bo’lishi kabi masalalar bo’yicha kelisha olmayapti. Bu esa, ayrimlar nazarida, tinchlik jarayonini izdan chiqarishi mumkin.

Bundan bir kun oldin Liviya parlamentida spikerlik qilgan Agila Solih nomzodlikka hujjatlarini topshirgan.

Ba’zi tahlilchlarga ko’ra, saylov haqidagi qonun boshida turgan Solih hujjatni shunday tayyorlaganki, saylovda g’alaba qozona olmasa-da, qonun 77 yashar siyosatchiga hokimiyatdagi mavqeini saqlab qolishga imkon beradi.

Sharqdagi kuchlar qo’mondoni feldmarshal Halifa Xaftarga ittifoqchi deb ko’ringan Solih Milliy birlik hukumatini tan olmagani uchun AQSh va Yevropa Ittifoqi qora ro’yxatiga tushgan edi. Tinchlik jarayoniga turtki berilganidan so’ng unga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilindi.

Xaftar ham prezidentlikka nomzodlardan. Uning aytishicha, saylov 10 yillik ichki mojaroga barham berishning yagona yo’li.

Uning nomzodi poytaxt Tripoli va g’arbiy hududlarda norozilik bilan qarshilanmoqda. Aholiga ko’ra, Haftar nazoratidagi sharqiy hududlarda saylov shaffof bo’lishiga ishonch yo’q.

Saylovda sobiq rahbar Muammar Qaddafiyning o’g’li Sayful Islom Qaddafiy ham qatnashadi. Qaddafiyni sog’ingan liviyaliklar bu xabarni iliq qarshilagan, biroq boshqalarning xavotir olishicha, uning saylanishi mamlakatni otasining davriga qaytaradi.

Jamoatchilikka kamdan-kam ko’rinadigan 49 yashar Sayful Islom saylov komissiyasi tarqatgan videoda Muammar Qaddafiy kabi kiyingani ko’zga tashlanadi.

Sayful Islom otasi sabab ommaga tanilgan bo’lsa-da, so’nggi 10 yildagi siyosiy jarayonlarda jiddiy rol o’ynamagan, muhim lavozimlarda ishlamagan. Kuzatuvchilarga ko’ra, unga otasining davrini qo’msagan odamlargina ovoz berishi mumkin.

O’tgan hafta Parijda o’tkazilgan Liviya bo’yicha xalqaro anjumanda saylovni izdan chiqarishga harakat qilgan kuchlar va siyosatchilarga sanksiya qo’yishga kelishildi.