Sher raqsi - xitoylar faxri

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tomosha qiling

Sher raqqoslar yoki raqqosalar. Xitoy yangi yil bayramlarini ularsiz tasavvur qilish qiyin. Afsonaviy raqslar. Ularni bolalarga o’rgatishni juda erta boshlashadi. Xitoy yoshlar klubida bo’ldik.

Amerikada yashaydigan xitoylar uchun yangi yil, ya’ni yanvar oyining oxirgi kunlari eng muhim madaniy damlardir. Sher raqsini kim ijro etadi va bu qadim san’atni qanchalik aks ettira oladi – muhojirlar uchun bu dolzarb masala.

Sher timsolidagi odam yovuzlikka qarshi kurashadi. Vashingtondagi xitoy yoshlar klubi yillik paradga tayyorlanar ekan, har safar bu raqslar uchun alohida vaqt va iste’dod topishi kerak.

O’qishdan keyin bolalar repetitsiyaga keladi. Ota-onalari ham shu yerda. Har bir harakat tahlil qilinadi. Qunt va tirishqoqliksiz bu raqsni eplolmaysiz. Bu xobbi ham emas. Bolada iste’dod bo’lishi kerak, deydi ustozlar.

Sher raqsining tarixi kamida 7-asrga borib taqaladi, Tang dinastiyasi davriga.

Qizig’i sher Xitoyda yashaydigan hayvon emas. Lekin bu raqs xitoy boy madaniyati mahsuli. Yaponiya, Korey ava Vyetnamda ham uni ijro etishadi.

Vashingtondagi xitoy yoshlar klubi 1939-yilda ochilgan. Shundan beri o’smirlarni o’ziga jalb etib keladi. Madaniy dasturlar nafaqat xitoy san’atini balki urf-odatlarni ham o’rgatadi. Hozirda sher raqsiga tushayotganlarning bobolari va buvilari Xitoydan kelgan.

Muallimlar ham ko’p hollarda amerikaliklar.

Isin Li Makkonnell qizini olib keladi. Qiyin lekin o’rgansin, deydi ona, chiniqsin.

“Amerikada dunyoga kelgan qizim… Osiyolik ekanini unutib qo’ymasin, deyman. Men o’zim muhojirman. Bunday san’atni bu klubda o’rgana oladi xolos. Farzandlar ajdodlari kim bo’lganini, tarixi va madaniyatini bilishi shart”, - deydi Makkonnell.

Bir qarashda oson tuyuladigan sher raqsi aslida jismoniy salomatlik va akrobatik qobiliyat talab qiladi. Bukiluvchan, egiluvchan bo’lishingiz kerak. Stiv Li singari trenerlarning o’zi ham harakatlarni ba’zida eplolmaydi.

“Yaqinda bir kishining boshiga sakrab o’tishning uddasidan chiqa olmay orqamga yiqildim. Boshga o’tib, yelkasida tura olishim kerak edi”, - deydi Stiv Li.

Yana bir trener Jeyson Li olti yoshidan beri sher raqsini ijro etadi. Oilaviy an’ana bu, deydi u. Xitoylik sifatida uning uchun bu raqsni bilmaslik qadriyatlarni tushunmaslik bilan barobar.

“O’rganishni xohlayman va bilganimni kelajak avlodga o’rgataman. Faqat xitoylar emas, boshqalar ham bilsin. Elatingizdan qat’i nazar, madaniyat odamlarni yaqinlashtiradi. Har bir raqs o’ziga xos bir qissa. O’zga xalqning raqsini ijro eta olish, bu xalqni his eta olish demakdir. Har bir harakat ortida bir dunyo mazmun-mohiyat bor. Qanday qilib, deya o’ylanasiz. Chuqur bilim bu”, - deydi Jeyson Li.

Raqqoslar - madaniy elchilar.

“Qizim imkon qadar o’rgansin. Tashlab qo’ymasin, ishqilib. Tayvanda voyaga yetganman. Menga sher raqsini hech kim o’rgatmagan. Boshqa bolalarga qarab havas qilardim. Kattalarni ham ko’rib, qaniydi, men ham sher bo’la olsam, derdim. Osiyolik sifatida juda qadrlayman”, - deydi Isin Li Makkonnell.

Bu yil xo’roz yili. Lekin xitoylarning har bir yangi yilini sherlar boshlab beradi. Sher raqsi odamlarni yaxshilik tomon yetaklaydi. Hayot qanchalik qiyin bo’lmasin, uni yaxshilik tebratadi, degan ishonchni targ’ib qiladi.