Amerikaning ko'plab shaharlarida ko'cha-ko'yda savdo qiluvchi yoymalar ko'p. Ular ko'pincha nazorat qilinmaydi va muhojirlar tomonidan yuritiladi.
Los-Anjelesda ko'chalarda yoyma savdo qilish taqiqlangan. Savdogarlarning ayrimlari noqonuniy muhojirlar. Ularni deportatsiyadan himoyalash uchun shahar hokimiyati yaqinda yoyma savdoni noqonuniy faoliyat turlari ro'yxatidan chiqardi.
Los-Anjeles ko'chalari yoymachi savdogarlar bilan to'la. Yaqingacha hammasi noqonuniy ishlardi. Ko'cha yoymachilarini himoya qiluvchi faol Dag Smitga ko'ra, ko'plab muhojirlar AQSh iqtisodiyotiga ilk qadamni shu ish bilan boshlaydi.
"Biznes qurish yo'lidagi ilk qadam bu. Shu bois uning ishbilarmonlik jihatiga e'tbor qaratamiz. Bu faqat ruxsat olish masalasi emas. Odamlarga texnik yordam ko'rsatib, biznes boshlash va iqtisodiy erkinlikka erishishda ko'makchi bo'lishni xohlaymiz", - deydi u.
Mersed Sanchezning aytishicha, hujjatsiz muhojirlar ish topa olmagani uchun ko'chada savdo qiladi. Bu ishning qonuniylashgani endi ularni hibsga olinish va deportatsiya tahdididan himoya qiladi.
"Biz uch yil erisha olmagan narsa uchun janob Trampga rahmat aytishimiz kerak. U kelishi bilan shahar kengashi faollashib qoldi. Endi politsiya kelib qolishidan qo'rqmasdan ishlash mumkin", - deydi Sanchez.
Yangi qonun bir necha haftadan so'ng kuchga kiradi.
Endi sotuvchilar ruxsatnoma olishlari kerak. Shuningdek, sanitariya qoidalariga rioya qilinishi shart.
Ikki farzandning onasi Gvadalupe Santiyago qo'shimcha xarajatga tayyor. Qo'rqmasdan ishlasam bo'ldi, deydi u.
"Bizga ruxsatnoma berayotganlari yaxshi. Agar yaxshiroq arava olish kerak bo'lsa, sotib olaman. Chunki bu o'zim uchun yaxshiligini bilaman", - deydi ayol.
Makartur parki, ayniqsa, savdogarlar bilan gavjum. Biznesiga salbiy ta'sir qilsa ham, restoran egasi Norm Lagner yangi tartibni qo'llab-quvvtlaydi. Ammo shahar ularni to'la nazorat qila oladimi, deya so'raydi u.
"Mablag' ajratmasdan qonunlarni ijro qilib bo'lmaydi. Bunga pul yo'q. Shu bois bu yaxshi fikr emas", - deydi u.
Los-Anjeles meri Erik Garsetti qonunni tez orada imzolashini ma'lum qildi. Uning aytishicha, halol yashash uchun qattiq mehnat qilayotganlarni himoya qilish kerak.