"Men senga amakidek odamman", - deya keksa bir grek 17 yoshli Ali va 16 yoshli Ahmadning qo'liga 20 yevro tutqazdi.
Bolalar endigina Afg'onistondan kelgan qochqinlar. Ularning otasini Tolibon vahshiylarcha o'ldirgan. Xavfdan qochib Yevropaga kelgan yoshlar bu yerda yangicha tahdid bilan yuzlashmoqda: ularni jinsiy maqsadlarda pullashmoqchi.
Gretsiyada jinoiy guruhlar ilojsiz yurgan kelgindilarni seks uchun sotib, daromad olmoqda. So'nggi paytlarda buni isbotlovchi holatlar qayd etila boshladi. Yangilik emas, deydi bu masalaga qarshi kurashayotgan faollar, lekin jinsiy savdo kun sayin avjiga chiqmoqda.
Oilasiz, pulsiz
Ali va Ahmad Afina markaziga borib, imkoniyat izlaydi. Yashash uchun kurash. Pulsiz, ishsiz hayot kechirish mumkin emas.
Ularga qochqin degan maqom qachon beriladi, noma'lum. Yordam ko'rsatadigan tashkilotlar juda oz va ularning imkoniyatlari ham cheklangan.
Kunlardan birida ko'chada ularga bir kishi madad taklif qildi. Seks evaziga haq olasan, dedi bu odam, yoshlarga qarab.
Tassos Smetopulos qarovsiz o'smirlar bilan ishlaydi. Fohishalikka faqat qizlarni emas, bolalarni ham jalb etish keng tarqalgan, deydi u.
Gretsiyada hozir kamida 60 ming qochqin bor, hech qanday maqomsiz. Ular orasida yoshlar ko'pchilik. Smetopulos nazarida jinoiy to'dalar bu o'smirlarni ovlamoqda.
Mijozlar odatda keksa yoshli erkaklar. Bolalarga turar joy, arzimas pul yoki cho'milib olish imkoniyatini taklif qilishadi.
Sarson bo'lib yurgan yoshlar har doim ham yo'q deya olmaydi. Bir marta yo'q deganlar kelasi safar ham shunday qila olmasligi mumkin. Ular och, borishga joyi yo'q, qolaversa ertaga nima bo'lishini bilmaydi.
Gretsiyaga kirganida ularga vaqtincha hujjat berilishi kerak. Bugunga kelib, huquq-tartibot organlarining taxminicha, 10 ming o'smir qochqin g'oyib bo'lgan.
Insonparvarlik tashkilotidan Mariya Konti-Galinu deydiki, bolalar bir amallab pul topib, boshqa davlatlardagi qarindoshlarining oldiga intiladi. Ba'zilar buni uddalaydi, ko'plari esa adashadi va qora yo'llarga kirib qoladi. Til bilmaslik, hujjati yo'qligi va hudud bilan tanish emasligi ularga pand beradi.
BMT Qochqinlar agentligi qarovsiz o'smir qochqinlar muammosi bilan shug'ullanayotganini qayd etadi. "Praksis" degan mahalliy nohukumat tashkilotlar ularga yordam berishga urinmoqda.
Politsiya vaziyat bilan yaxshi tanish. Hukumat ham qochqinlar ahvoli og'ir ekanini biladi. Lekin chora ko'rish juda sust.
Grek faollarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, masalani tan olish bilan ish bitmaydi. BMT ishni tezlashtirib, qochqinlar taqdirini dadilroq hal etib, ularga imkoniyatlar taklif qilishi kerak. Vaqt boy berilayapti, yosh avlod boy berilayapti.