95 yashar Mahathir Muhammad siyosiy sahnadan ketishni o'ylamayapti

  • Amerika Ovozi

Malayziya sobiq bosh vaziri Mahathir Muhammad

Malayziya sobiq bosh vaziri Mahathir Muhammad 95 yoshda bo’lishiga qaramay, siyosiy sahnadan ketishni xayoliga keltirgani ham yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 4-sentabr, 2020-yil

Mamlakatni 22 yil boshqarib, 2003-yilda iste’foga chiqqan siyosatchi 2018-yilda bosh vazirlikka qaytib keldi, biroq siyosiy fitnaga yuz tutib, mart oyida ham lavozimidan, ham partiyasidan ketdi.

O’tgan oy Mahathir “Jangchilar” deb nomlangan yangi siyosiy partiya tuzdi. Uning aytishicha, yangi Bosh vazir Muhyiddin Yassin boshchiligida mamlakat korrupsiyaga botmoqda, islohotlardan voz kechilmoqda.

Mahathirga ko’ra, yangi partiya hokimiyatni qo’lga olishga hozircha yetarlicha qudratga ega emas, shu sabab keyingi saylovlarda siyosiy vositachi rolini bajaradi.

“Biz uchinchi partiyamiz, hukumat tuzishga ojizmiz, yetarlicha katta emasmiz, ammo vositachi bo’lishga qudratimiz yetadi”, - dedi u.

Mahathirning bashorat qilishicha, keyingi saylovda Muhyiddin yetakchiligidagi koalitsiya ham, Anvar Ibrohim boshliq muxolifat ham 50 foizdan ko’p ovoz ololmaydi. Sobiq bosh vazir “Jangchilar” partiyasi 222 a’zolik parlamentda 30 ta o’rinni qo’lga kiritsa, kim bilan koalitsiya qilishni o’zi hal qiladi, deydi.

Rejaga ko’ra, keyingi saylovlar 2023-yil sentabrida o’tkaziladi, biroq ayrim siyosiy kuchlar erta saylov o’tkazishga chaqirmoqda. Atigi ikki o’rin ustunlik bilan koalitsion hukumatni boshqarayotgan Muhyiddin, Mahathir nazarida, muddatidan erta saylovda mag’lub bo’lishidan qo’rqib, 2023-yilgacha kutishga majbur bo’ladi.

Uch yildan so’ng Mahathir 98 yoshga to’ladi. O’shanda u siyosiy sahna tugul hayotda bo’ladimi, yo’qmi, vaqt ko’rsatadi.