Tramp pochta orqali ovoz berish tizimini tanqid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Amerikaning ba’zi shtatlari aholiga noyabrda bo’ladigan prezident saylovlarida pochta orqali ovoz berish imkonini bermoqda.

Nyu-Yorkda iyun oyida bo’lgan partiyaviy saylovlarda ko’plar pochta orqali ovoz berdi, ammo saylov tizimi bunga tayyor emasligi oshkor bo’ldi. Ayrim saylov uchastkalarida saylov natijalari haligacha e’lon qilingani yo’q.

Prezident Donald Tramp noyabr saylovlarida ham shunday muammo vujudga kelishi haqida ogohlantirmoqda.

“Noyabrda ham shunday bo’lsa, saylov natijalarini bilishga haftalab, oylab, balki yillab vaqt ketishi mumkin. Balki umuman bilmasligimiz mumkin. Shundan xavotirdaman. Saylov soxtalashtirilishi aniq”, - dedi Tramp.

Saylov mutasaddilarining aytishicha, AQSh tarixida ovozlarni soxtalashtirish o’ta kam uchraydigan holat, ovozlar pchta orqali berilsa ham. Ko’p shtatlarda pochta orqali ovoz bersa bo’ladi, ammo bu yili pandemiya tufayli ko’proq odam ovozlarini pochta orqali yuborishi kutilmoqda, demak, ovozlarni hisoblashga ham ko’proq vaqt ketishi aytilmoqda.

Eng so’nggi marta saylov natijalari 2000-yilda kech e’lon qilingan. Floridada ovozlar qayta hisoblanishi natijasida demokrat nomzod Al Gor va respublikachi prezident Jorj Bush poygasining g’olibini aniqlashga bir oydan ko’p vaqt ketgan. Bu yilgi saylov yanada ziddiyatliroq bo’lishi kutilmoqda.

“Jamiyatimiz hozir juda ham bo’linib ketgan. Nomzodlarning soxtalashtirish holatlari haqidagi har qanday da’vosi janjalga yetaklaydi. Buning xavotirli tomoni shundaki, muammo bu gal faqat Florida kabi bir shtat bilan cheklanmasligi mumkin. Nazarimda, 3-4 shtatda, balki undan ko’proq shtatda jarayon cho’zilib ketishi mumkin”, - deydi “Ikki partiyaviy siyosat markazi”dan Mettyu Vayl.

Tramp saylovni kechiktirish g’oyasidan qaytgan bo’lsa-da, pochta orqali ovoz berish tizimiga shubha bilan qarashda davom etmoqda.

“Agar tarafdorlarining katta qismi saylov uchastkasiga borib ovoz bersayu, Tramp saylov oqshomida poygada oldinda bo’lsa, u pochta orqali kelayotgan ovozlarning soxta ekanini aytib, g’oliblikni da’vo qilishi mumkin”, - deydi Kaliforniya universitetidan professor Richard Xeyzen.

5-avgust kuni Tramp saylov shtabi demokratlar hukmron Nevada shtatini pochta orqali ovoz berish byulletenlarini ro’yxatdan o’tgan barcha saylovchilarga yuborish rejasi ustidan sudga berdi.

Biroq kurash keskin o’tishi kutilayotgan va respublikachilar hukmron Floridada Tramp aholini pochta orqali ovoz berishga chaqirmoqda. Uning aytishicha, shtatning so'nggi ikki gubernatori pochta orqali ovoz berish tizimini tartibga solgan.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, tobora ko’proq amerikaliklar noyabr saylovlarida pochta orqali ovoz berish istagini bildirmoqda, biroq ayrimlar bunday jarayonni xavfsiz deb bilmaydi.

“Aynan hozir pochta orqali ovoz berishni respublikachilardan ko’ra demokratlar ko’proq qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Karlin Bauman.

Saylovda kim yutishidan qat’i nazar, har ikki partiya saylov natijasini ishonchli deb qabul qilishi o’ta muhimdir.