Amerikalik mergan Olimpiya o'yinlaridan oltin bilan qaytmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Mergan ayol Olimpiya o'yinlariga tayyor

Jahon bo’ylab sportchilar 5-avgust kuni Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida boshlanadigan Olimpiya o’yinlariga tayyorgarlik ko’rayapti. Amerikalik mergan Kim Rodi Olimpiya o’yinlarida besh bora medal olgan. Bu gal ham oliy sovrin bilan qaytmoqchi.

Kim Rodi osmonga har xil balandlikda, har yoqdan uloqtirilgan nishonni miltiqda paqillatib otmoqda. Sportning bu turi tezkorlik, quvlik va o’tkir ko’z talab qiladi.

U ilk bor 20 yil oldin Atlantadagi Olimpiya o’yinlarida kuch sinashib, shundan beri har bir olimpiadadan sovrin bilan qaytadi. Uchta oltin medali bor.

Dunyoning eng mohir merganlaridan biri ekanidan faxrlanadi.

“Inson har qanday to’siqlarni yengishga qodir. Hech vaqt taslim bo’lmay harakat qilaverish kerak. Olimpiya o’yinlarining shiori, mohiyati ham ana shunda”, - deydi Rodi.

XIX asrda yashagan mergan ayol Anni Oakli uning qahramoni, ilhom manbaidir.

“Amerika tarixida merganlik, ovchilik alohida o’rin tutadi. Vestern filmlarida ko’rgandirsiz. Anni Oakli darhaqiqat meni ruhlantirgan insonlardan. U erkaklar bilan bellashib, g’alaba qozongani, raqiblarini yer tishlatgani qanday ajoyib”, - deydi Rodi.

Rodi birinchi Olimpiya o’yinlarida qatnashganida 16 yoshda edi. To’rt yil oldingi prezident poygalarida Respublikachilar partiyasi anjumanida mo’tabar mehmon sifatida so’zga chiqdi.

Merganlik oilaviy bir an’ana. Rodi otasi Richard bilan mashq qiladi.

“Bobom ovchi o’tgan, Montanada o’sib ulg’ayib, o’rganlarini farzandlari bilan bo’lishgan. Bobom o’z kasbini otamga va onamga o’rgatgan. Otam, o’z navbatida men bilan shug’ullangan”, - deydi Rodi.

Ko’zini nishondan uzmayotgan Rodi Braziliyadagi musobaqalarga shay.

“Omadim chopgan odamman. Musobaqada qatnashish yuksak faxr”, - deydi Rodi.

Jahonning jamiki sportchilari kabi u ham Amerika kissasiga yana bir oltin medal olib kelish niyatida.