Amerikada irqiy tengsizlikka qarshi kurashga yetakchilik qilgan Martin Lyuter King “Bir orzum bor” deya nutq so’zlab, dunyo e’tiborini o’ziga qaratganiga yarim asr bo’ldi. 1963-yilning 28-avgust kuni minglab odamlar AQSh poytaxtida adolat talabi bilan namoyish qiladi. Oradan 50 yil o’tdi. Amerikada bugun qora tanli prezident. Tenglikni kafolatlovchi o’nlab qonunlar bor, lekin bu jamiyat uchun irq hamon nozik masala.
Your browser doesn’t support HTML5
1963-yilning 28-avgusti. Fuqaro huquqlari lideri Martin Lyuter King yurtiga va dunyo ahliga murojaat qiladi:
“Bir orzum bor: Bir kun kelib mening to’rt farzandim shunday mamlakatda yashaydiki, ular terisining rangi emas, ahloqi va iqtidoriga qarab baholanadi”.
10 yoshli Nayla Banks bugun Vashingtondagi muzeyda bu borada o’qib, chuqur hayajonda. Martin Lyuter Kingning nutqini qayta-qayta eshitgan va irqiy ajratish davri haqida bilgani sari eti jimirlaydi. Bugungi Amerika unday emas, deydi qizaloq.
“Martin Lyuter King – qahramon. Uning ishlari afro-amerikaliklarga ulkan madad bo’lgan. Dunyo o’zgargan biz uchun. Hozirda irqiy ajratish degan narsa yo’q, hamma bir-biriga teng qaraydi va shunga harakat qiladi, nazarimda”,- deydi Nayla.
13 yoshli Jonatan Vilyams nazarida esa Martin Lyuter King tinch yo’l bilan maqsadga erishish mumkinligini isbotlab bergan.
“Uni bir necha bor qamab qo’yishgan. Ahdidan, shashtidan qaytishi mumkin edi, lekin qaytmagan. Adolat talab qilishda davom etgan”,- deydi Jonatan.
14 yoshli Yelinda Martinez uchun King – ilhom manbai.
“Bu inson men uchun ideal… Tenglik va adolatni tinch yo’l bilan talab qilib, odamlarni o’ziga ergashtirgan”,- deydi o'quvchi.
Vashingtonning Kongressdagi vakili, siyosatchi Eleanor Xolms Norton 1960-yillarda fuqaro huquqlari harakatida faol ishtirok etgan.
“Yoshlar ba’zan ko’p narsaning qadriga yetmaydi. Lekin tenglik nima ekanini ular bugun biladi. Bu muhim. 1963-yilda qo’yilgan talablar bajarilmaganida hayotimiz og’ir bo’lardi”, - deydi Norton xonim.
Yelinda Martinez fikricha King Amerikani birlashtira oldi, irqchilik mash’um odat ekanini isbotladi, lekin diskriminatsiya to’xtamagan.
“Odamlar hamon bir-birini ajratadi. Rang hali ham muhim omil. Meni bu xavotirga soladi. Bas qilish kerak bunday munosabatni”,- deydi u.
Alabama shtati Birmingem shahar meri Vilyam Bell nazarida muhokamani to’xtatmaslik kerak.
“Yoshlarimiz bugun fuqaro huquqlari harakati va uning tarixi, biz chekkan azoblar haqida ko’p narsa bilmaydi, befarq. Vaholanki, o’zlari qator muammolarga duch keladi”,- deydi keksa faol.
15 yoshli Juliya Link kamsitish eng dahshatli odat deydi.
“Bilasizmi, osiyoliklarning ustidan kulishadi, ochiqchasiga. Hech kimni kamsitmaslik kerak. Odam o’zi kamsitilishni xohlamaydimi, demak, boshqalarni ham teng ko’rishi kerak, tamom”,- deydi Juliya.
Nyu-Jersi shtati Nyuverk shahar meri Kori Buker fuqaro huquqlari uchun kurashayotgan siyosatchilardan. Kelajak avlod ziyrak va tashabbuskor bo’lishi kerak, deydi u.
“Biz ularga yo’l ko’rsatishimiz, o’z tajribamiz bilan o’rtoqlashishimiz, shogirdlar yetishtirib, muammo nima ekanini tushuntirishimiz lozim. Aks holda ular kimdan o’rganadi?”- deydi Buker.
Ayrim yoshlar ta’biricha irq tushunchasi bugun ancha o’zgargan. Jamiyat bu masalaga boshqacha qaraydi va buni tan olish kerak.
“Dugonalarim, do’stlarim turli irq vakillari. Bir-birimizni ajratmaymiz, tabiatan shunday. Sen qora, sen oq yoki osiyolik degan gap yo’q orada”,- deydi o'quvchi qiz Nayla.
Martin Lyuther King ko’rib xursand bo’lardi, deydi Nayla.