Tramp hujjatsiz muhojirlarni haydaymiz deya jar solmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Donald Tramp Florida shtatida katta yig’in o’tkazib, qayta saylanish uchun kampaniyasini rasman boshlab yubordi. Ikki yilda olamshumul o’zgarishlar qildik, va’dalarimning ustidan chiqdim, deydi prezident. Tramp millionlab hujjatsiz immigrantlar mamlakatdan haydaladi, deya jar solmoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, uning nutqi doimiy balandparvoz gaplarday tuyulsa-da, millionlar hujjatsiz muhojirlarni xavotirga qo’yishi tayin.

“Mamlakatimiz jinoyatchi ajnabiylarga emas, qonunga bo’ysunadigan fuqarolarga munosib”, - deydi Tramp.

Sal avval prezident ommaviy deportatsiyalar yaqin kunlarda boshlanishini aytgan edi. Biroq bunday ishni amalga oshirish uchun minglab huquq-tartibot va immigratsiya xodimlari kerak. Hozirgi resurslar yetarli emas.

“Hukumat avvalo imkoniyatiga qarab ish tutishi, mavjud qonunlar ijrosini ta’minlashi kerak. Bu degani, chegaradagi muammolarni hal qilish, immigratsiya va bojxona xizmatini yetarli resurlar bilan ta’minlash lozim”, - deydi immigratsiya tadqiqotlari markazidan Jessika Von.

Ayrimlar nazarida Trampning so’zlari siyosiy bayonot xolos. Ammo faollarning aytishicha, immigrant jamoalarda qo’rquv uyg’otmoqda.

“Federal hukumat reydlarni boshlab yuborsa ajablanmayman. Chegarada oilalar bo’linib, bolalar vahshiylarcha onasidan ajratilganini ko’rdik. Qanchalar ayanchli bo’lmasin, bunga guvoh bo’ldik. Prezidentning bunday ishlariga tayyor turishimiz kerak", - deydi Muhojirlar huquqi markazi rahbari Joanna Kalli.

Immigratsiya bo’yicha huquqshunos Metyu Kameron fikricha, ommaviy deportatsiya imkonsiz ish. Lekin hujjatsiz muhojirlarni xavotirga solishi tayin.

“Deportatsiya bo’lishga ko’zi yetgan hujjatsizlar shifokorga bormaydi, farzandlarini maktabga yubormaydi, o’zi ham ishdan qoladi”, - deydi huquqshunos.

Ayni paytda AQSh Gvatemala bilan shartnoma imzolamoqchi. Bu davlat hududidan o’tgan muhojirlar AQShdan boshpana so’ray olmaydi, deydi muzokarada qatnashayotgan rasmiylar.