Qo’shma Shtatlar Indoneziya bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Bu davlatga tashrif buyurgan AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis ikki tomonlama hamkorlik hamda Xitoyning mintaqadagi ta’sirini tushirishga qaratilgan choralar xususida gaplashdi.
Mattisning aytishicha, AQSh armiyasi Indoneziya maxsus kuchlari bilan hamkorlik qiladi. Bir vaqtlar qiynoqlar va boshqa huquqbuzarliklarda ayblangan “Kopassus” guruhi isloh etilib, terrorga qarshi kurashda AQShga yordam berishi mumkin.
“Aksilterror amaliyotlar paytida tinch aholi hayotini saqlab qolish muhim va Indoneziya maxsus kuchlari bu borada so’nggi 10 yilda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Ulardan ko’p narsalarni o’rgansak, birga ish qilsak bo’ladi”, - dedi Mattis.
Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy da’volaridan norozi Indoneziya armiyasini zamonaviylashtirmoqchi. Mattis bu masalada ham hamkorlikka tayyormiz, dedi.
Muxbirlar bilan muloqoti chog’ida AQSh mudofaa vaziri Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti xususida ham munosabat bildirdi. Uning aytishicha, suriyalik kurdlar bilan jang qilayotgan turklar “Islomiy davlat” terror to’dasiga qarshi kurashdan chalg’imoqda.
Oq uy Anqarani bosiqlikka chaqirdi.
“Afrinda zo’ravonliklarning kuchayishi Suriyadagi nisbatan barqaror hududdagi vaziyatga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda, Daishga qarshi xalqaro kampaniyadan chalg’itmoqda. “Islomiy davlat” va al-Qoida fursatdan foydalanib, o’zini o’nglab olishi, mudofaasini kuchaytirishi mumkin”, - dedi AQSh prezidentining matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sanders.
Turkiya Suriya shimolida AQShga terrorchilarga qarshi kurashda yordam bergan kurdlarga hujum qilib, Qo’shma Shtatlarni noqulay ahvolga solib qo’ydi, deydi kuzatuvchilar.
“NATOga a’zo ikki muhim davlat o’rtasiga sovuqlik tushiruvchi yana bir masala bu. Ammo buni oldindan bashorat qilish mumkin edi. AQShning oldingi prezidenti ham, hozirgi rahbari ham Turkiya o’z milliy xavfsizligiga tahdid deb bilgan guruh bilan ishlashda davom etmoqda”, - deydi Jorjtaun universitetidan tahlilchi Voil Alzayat.