O`zbekistonda "9-may - Xotira va qadrlash kuni"ning g`alaba bayramiga aylanayotgani jamoatchilikda turli munozaralarga sabab bo`lmoqda. Tadbir munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylarini tabriklagan Prezident Shavkat Mirziyoyev o`zbekistonliklarning fashizm ustidan qozonilgan g`alabaga qo`shgan hissasiga diqqat qaratgan.
Toshkentda hokimiyat taqiqiga qaramasdan Rossiya tomonidan tashkillashtirilgan “O`lmas polk” aksiyasi bo`lib o`tdi. Xotira va qadrlash kunining xotirlash marosimiga emas, g`alaba tantanasiga aylanayotgani siyosiy ishoralardan xoli emasligi aytilmoqda.
Avvalroq, Toshkent ko`chalarida Ikkinchi jahon urushi davriga doir avtomobillar paydo bo`lishi, Rossiyada g`alaba ramzi sifatida qabul qilingan Georgiy tasmalarining tarqatilishi bu yil mamlakatda 9-may boshqacha nishonlanishidan darak berayotgan edi.
Poytaxtda g`alaba tantanalariga mos aksiyalar yanada ko`paygan, urush davridagi harbiy libos kiygan, urush davri qo`shiqlarini ijro etayotgan o`zbek shou biznesi vakillari ishtirokidagi bu chiqishlar tadbirni xotirlash kuniga emas, g`alaba bayramiga yaqinlashtirgani kuzatildi.
Bu o`zgarishlardan jamoatchilikning bir qismi hayratda, 9- may tadbirlariga aniqlik kiritilishini talab qilmoqda. Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko`ra, Xotira va qadrlash kunining yangi udumlarga ko`ra nishonlanayotgani jamoatchilikda tushunmovchilik uyg`otgan.
“Media, o`zbek ashulachilari orqali targ`ib qilinayotgan bu chiqishlar, harbiy ashulalar, urush davridagi harbiy liboslar, bular juda g`alati holat. Buni poytaxtdagi ko`pchilik qabul qilayotgani yo`q. Ehtimol, 5 foizga yaqin rusiyzabonlar uchun uyushtirilayotgandir. To`g`risini aytish kerak, bu ko`pchilik uchun tushunarsiz holat. Agar bu tashabbus ortida hukumat, Mirziyoyev turgan bo`lsa, bu katta xato, o`zbek xalqi bu tantanalardan uzoq. Hukumat bu kunni yangicha udumda nishonlaymiz deb, adashib qolganga o`xshaydi, chunki odamlarimiz hali Karimov davridan shu kuni qabristonlarga borib, o`tganlarni xotirlashga o`rganishgan edi”, - deydi Anvar Nazir.
Bu o`zgarishlar hukumat ko`magisiz o`tmayotgani kuzatiladi. Bayram tadbiriga jamoatchilikka tanilgan san`atkorlar, hatto O`zbekiston xalq artistlari ham jalb qilingan. Xususan, xonanda Yulduz Usmonovaning teatrlashtirilgan harbiy sahnadagi ishtiroki, bu tadbirdan olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishi keskin munozaralar qo`zg`agan.
“Afsuski, bugun O`zbekiston xalq artisti bo`lish ham saviya va malakadan darak bermay qo`ydi. Unvon hammaga berilaverganidan keyin, uning qadri ham qolmadi. Ikkinchidan, hali 28 apreldanoq boshlangan bu aksiyalarni rusiyzabonlar g`alaba kuni deb qabul qilayapti, o`zbeklar esa 9-mayni Xotira va qadrlash kuni deb bilishadi”, - deydi Anvar Nazir.
Rossiyada g`alaba bayrami sifatida, O`zbekistonda esa Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanuvchi 9-may tadbirlari deyarli har yili siyosiy munozaralardan xoli bo`lmaydi. Karimov davrida 9-may Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlash tadbiriga aylantirilgan edi, yangi hokimiyat esa bu sanaga g`alaba atamasini qaytarishga qarshi emasdek ko`rinadi.
Jurnalist Ulug`bek Haydarovga ko`ra, Mirziyoyev davrida birinchi bor o`tayotgan tadbir yangi hokimiyatning siyosiy ishoratlarini ham aks ettirmoqda.
“Ko`proq g`alaba bayaramiga o`xshaydi, Xotira va qadrlash kuniga emas. Rasmiy matbuotdagi chiqishlar ham shundan dalolat berayapti, hozir prezidentning tabrigini ham eshitdim, o`zbek va rus tilida, ammo rus tilida ko`proq gapirdi. Meningcha, bu yangi hokimiyatning qanday siyosiy so`qmoqlardan yurushini anglatuvchi bir ishoratdek ham. Mana “O`lmas polk” tabirlari ham baribir o`tibdi Toshkentda, qarshilikka qaramasdan. Bundan tashqari, Xotira kunining o`zi ham deyarli g`alaba bayrami sifatida nishonlandi. Bu narsalar avval hech kuzatilmagan edi”, - deydi Haydarov.
Ikkinchi jahon urushidagi janglarda 1,5 million atrofidagi o`zbekistonlik qatnashgan, 500 mingga yaqini qurbon bo`lgan, 600 mingdan oshiq kishi turli darajada jarohat olgan.
Sovet Ittifoqi davrida ulug` vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g`alaba kuni sifatida nishonlangan 9-may O`zbekiston mustaqillikka erishganidan so`ng "Xotira va qadrlash kuni" deb e'lon qilingan edi.