Meksika bilan chegarada AQShga kirishni kutayotgan markaziy amerikalik muhojirlar ishini ko’rayotgan rasmiylarning aytishicha, migrantlar orasida faqat maya tilida so’zlashuvchi arizachilar ham bor. Biroq ular bilan aloqa qilish qiyinchiliklar tug’dirmoqda. AQSh chegarachilari, tibbiy xizmatchilari va immigratsiya xizmati xodimlari orasida bu tilni biladiganlar deyarli yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Aprel oyida AQShning janubi-g’arbiy chegarasidan mamlakatga 100 mingga yaqin muhojir kirgan. Aksariyati Markaziy Amerikadan bo’lib, gvatemalaliklar orasida tub aholi vakillari ham bor.
Muhojirlarning ko’pi ispancha so’zlashadi, ammo maya xalqi o’z tilidan boshqasini bilmaydi, bu esa ular bilan ishlayotgan va ularga boshpana hamda oziq-ovqat berayotgan gumanitar tashkilotlar bilan aloqa qilishda qiyinchiliklar tug’dirmoqda.
“Bu yerdan o’tayotgan odamlarning 80 foizini gvatemalaliklar, shularning yarmini Gvatemalaning tub aholisi vakillari tashkil etadi. Ispancha ular uchun ona tili emas. Shunga, kelib o’z tilida gaplashishsa, aloqa qilishga qiynalamiz”, - deydi Katolik jamoat xizmatlari tashkilotidan Ketrin Smit.
Migrantlarga Amerikadagi qarindoshlari bilan bog’lanishga yordam berishmoqda, avtobusdan foydalanishni o’rgatishmoqda. Biroq maya tilida gaplashadigan odamlarga bularni tushuntirish oson emas, chunki maya tilining o’ndan ortiq lahjalari bor.
“Gvatemalada 17 tadan ziyod tillar bor. Arizona universitetidagi tilshunoslar bilan hamkorlik rishtalari o’rnatilgan, mana shu xalqlar bilan aloqa qilishda yordam berishmoqda. Ba’zilar bu tillarni mukammal bilmasa-da, tarjima qilishda ko’maklashishmoqda”, - deydi Tuson shahar matbuot kotibi Endi Skvayr.
Ketrin Smit Gvatemalada yashagan chog’ida tub aholi vakillarining uyida turgan, kanjobal, mom, keyshe tillaridan xabardor. AQSh immigratsiya sudida eng ko’p qo’llaniladigan 25 ta til orasida bular ham bor. Biroq tarjimonlar yetishmayapti.
“Amerikaga kelayotgan muhojirlar orasida qishloqlarda yashovchi tub aholi vakillarining ko’pligi meni hayron qoldirdi. Ular minglab kilometr yo’l bosib, ispanchani bilmasa-da, chegaragacha yetib kelmoqda”, - deydi faol.
Migrantlar huquqlarini himoya qilayotgan guruhlar maya tilida so’zlashuvchi muhojirlar bilan ishlash uchun malakali tarjimonlar yetishmayotganidan va natjiada ularning arizalari diqqat bilan o’rganilmayotganidan xavotirda.