AQSh qo’shinlari Afg’onistonni butunlay tark etganidan so’ng Amerika bu mamlakatda qanday rol o’ynaydi? AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi boshlig’i general Frenk Makkenzining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, harbiylar Afg’onistondan chiqarilganidan so’ng afg’on kuchlariga Tolibonga qarshi janglarda havodan ortiq madad berilmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Askarlarimiz Afg’onistonda bo’lgunga qadar harbiy ko’mak berishda davom etamiz, biroq kelajakda ularning soni nolga tushadi. Shundan keyin havo hujumlarimiz al-Qoida va “Islomiy davlat”ga qarshi qaratiladi”, - dedi general.
Unga ko’ra, bundan keyin dushman Amerika yoki ittifoqchilariga qarshi hujum rejalayotgani ma’lum bo’lsagina zarba beriladi.
“Ketganimizdan keyin havodan zarba berishning yagona sharti shu bo’ladi. Agar kimdir AQShda yoki ittifoqchi davlatlarda xuruj rejalayotgan bo’lsa”, - dedi Makkenzi.
Kuzatuvchilar va sobiq qo’mondonlarga ko’ra, Vashington qo’shinlar chiqarilganidan so’ng Afg’onistonda xavfsizlikni qanday ta’minlashi haqida yetarlicha ma’lumot bergani yo’q.
2016-2019-yillarda Markaziy qo’mondonlikni boshqargan iste’fodagi general Jozef Votelning aytishicha, Afg’onistondagi ittifoqchilar bilan ochiq gaplashish muhimdir.
“Ularda bizning keyingi rejalarimiz haqida aniq tushuncha bo’lishi kerak. Nima qilmoqchi ekanimizni va hatto nima qilmasligimizni ham bilishlari kerak”, - deydi sobiq qo’mondon.
AQSh va NATO afg’on harbiylari maoshlarini to’lashda, aviatsiya samolyotlariga texnik xizmat ko’rsatishda, mahalliy qo’shinlar harbiy tayyorgarligi bilan shug’ullanishda davom etadi. Oxirgi ikkita narsa Afg’oniston tashqarisida amalga oshiriladi.
Ba’zi harbiy ekspertlarning xavotir olishicha, AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etishi bilan mahalliy armiya tor-mor etiladi.
“Biz mamlakatni tark etib, “bo’ldi, bas” deganimiz bilan hamma narsa tugab qolmaydi. Gap abadiy urushlar haqida ketmoqda. Tolibon ham, al-Qoida ham abadiy jihoddan voz kechmoqchi emas, jang qilishda davom etadi”, - deydi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” tashkilotidan Bredli Bauman.
Pentagonning matbuotda bildirishicha, Tolibon g’alaba qozonadi deb oldindan xulosa qilib bo’lmaydi, biroq bu boradagi xavotirlar o’rinlidir.
So’nggi bir oyda Afg’onistonda 25 taga yaqin tuman harbiy harakatlarini kuchaytirgan Tolibon nazoratiga o’tgan.