O’tgan hafta AQSh Senatidagi demokratlar obro’siga jiddiy putur yetdi. Adliya vazirligi ko’zga ko’ringan senator Bob Menendes va uning rafiqasini pora olganlikda aybladi. Qonunchining uch nafar tadbirkor va Misr hukumati foydasiga ish ko’rgani aytilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Federal tergov byurosining maxsus agentlari Nyu-Jersi shtatida senator Menendes va rafiqasi Nadin Menendes uyida va seyfida tintuv o’tkazib, konvertlarga solingan 500 ming dollar naqd pul topishdi. Pulning bir qismi senator kurtkasining hamyonidan chiqdi. Ancha tilla ham topildi”, - deydi AQSh prokurori Damian Uilyams.
Senator Menendesga 2017-yilda ham korrupsiya ayblovi qo’yilgan edi, biroq sud hay’ati a’zolari hukmga kelisha olmagani uchun prokurorlar ishni yopishga majbur bo’lgan.
Qonunchi yangi ayblovlarni inkor etdi, biroq Nyu-Jersi aholisi bundan ajablanmasligini aytadi.
“Ancha ishlar qilib qo’ydi. Xotini ham aralashgan. Senator ikkinchi marta korrupsiyada ayblanyapti”, - deydi mahalliy odamlardan biri.
“Aslo hayron bo’lganim yo’q. Birinchi gal javobgarlikdan qochib qolganidan keyin nega endi ikkinchi marta bunday ishga qo’l urmasin? Siyosatchilarning turgan-bitgani shu”, - deydi yana biri.
Senator ayblovlar uni yiqitishga qaratilgan siyosiy hujum ekanini da’vo qiladi:
“Sahna ortidagi kuchlar ovozimni o’chirishga, men uchun siyosiy qabr qazishga bir necha bor harakat qilishdi. Barcha dalillar yuzaga chiqishi bilan masala ijobiy hal bo’lishiga ishonchim komil. Shunda nyu-jersiliklar o’zi bunga guvoh bo’ladi”, - dedi u.
Menendes aybini inkor etishiga qaramay, huquqshunoslar ayblovlar jididy ekanini aytadi.
“Bu poraxo’rlikning o’zginasi. Ayblov uch punktdan iborat. Hammasi bo’yicha aybdor topilsa, senator Menendes jami 45 yilga qamalishi mumkin”, - deydi sobiq federal prokuror Adam Kamenstin.
Biroq, deydi u, qamoq muddati aslida ancha kamroq bo’lishi ham mumkin.
Shu paytgacha Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasini boshqargan Menendes raislik vakolatini topshirishga majbur bo’ldi.
Nyu-Yorkdagi Peys universitetida huquqshunoslikdan ta’lim berayotgan sobiq prokuror Bennet Gershmanning aytishicha, yuqori lavozimli rasmiyga ayblovning qo’yilishi Amerika adliya tizimining mustahkamligidan dalolat.
“Sud tizimimiz, huquq-tartibot tizimimiz ancha mustahkam. O’zini qudratli deb o’ylagan odam halol bo’lmasa, poraxo’r bo’lsa, suvdan quruq chiqolmaydi. Agar Menendes sudlanib, jazoga tortilsa, demak boshqalar ham javobgarlikdan qochib qololmaydi, hatto sobiq prezident ham”, - deydi Gershman.
Menendesga ayblov qo’yilishi ketidan Nyu-Jersi gubernatori Fil Myorfi partiyadoshini iste’foga chiqishga, Senatdan ketishga da’vat etdi.
Senatorga pora berganlikda ayblanayotgan uch tadbirkor ham ushbu jinoiy ish bo'yicha o'tmoqda.
69 yashar qonunchi, rafiqasi va tadbirkorlar 27-sentabr kuni Nyu-York shahrining Manxetten rayonidagi sudga chaqirtirilgan.