Jinsiy bosim va tajovuzlarga qarshi “Men ham” (#MeToo) harakatiga asos solinganiga ikki yil to’ldi. Ushbu kampaniya Gollivudning taniqli prodyuseri Xarvi Vaynstaynga qo’yilgan ayblovlar ketidan boshlangan.
Bugungacha minglab ayollar zo’ravonlik va tajovuzni boshdan kechirgani haqida ochiq gapirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
So’rovlarga qaraganda, erkak menejerlar ayollar bilan yaqindan ishlashdan cho’chib qolgan.
“Men ham” (#MeToo) harakati boshlanganidan buyon, erkaklarning 41 foizi ayollar bilan birga-bir holatda ish yuritishni istamasligini aytadi.
Har besh erkakdan biri ishxonadan tashqari yig’ilishlarga ayol hamkasblarini taklif qilmay qo’ygan.
Bu xulosalar 2018-yilgi so’rovnomadan. Daviya Temin Nyu-Yorkda konsultantlik firmasini boshqaradi. So’rovdagi javoblardan taajjubda emas.
“Men ham” kampaniyasiga bo’lgan reaksiya bu. Bunday munosabat uzoq davom etadi deb o’ylamayman. Harakat ishdan to’xtamaydi. Jamiyatda o’zgarish qilish oson emas, o’zgarishning o’zi ko’pchilik uchun noqulay”, - deydi Temin.
Kolumbiya universiteti professori Alati Jonson “Men ham” harakatini katta kuch deydi.
“Uning ahamiyati shundaki, jinsiy zo’ravonlik va tajovuj muammosiga e’tibor qaratib, xotin-qizlar uchrayotgan o’xshash holatlarni yuzaga chiqardi. Bir-ikki odamning gapiga ishonchsizlik holatlari ko’p, biroq qayta-qayta va ko’pchilikdan bir xil gaplarni eshitish sistemada e’tiborga molik muammo borligini ko’rsatadi. Harakatning kuchi shunda”, - deydi u.
Ayollar huquqi markaziga ko’ra, “Men ham” harakati jamoatchilikda ogohlik uyg’otgan. 2017-yil oktabrdan beri 15 shtat ishchilarni jinsiy tajovuz, zo’ravonlik, diskriminatsiyadan himoya qilishga doir qonunlar qabul qildi.
Kolumbiya universitetida shu mavzu bo’yicha o’tgan muhokamada Shelli Oriya ham qatnashdi. U xotin-qizlarning shaxsiy hikoyalarini to’plab kitobga aylantirgan.
“Internetning kuchi beqiyos, bizni o’zgarishlarga tayyorlaydi, harakatga undaydi. Ammo o’zgarish real hayotda yuz berishi kerak. Shundagina qonunlar o’zgaradi, ishxonalardagi vaziyat o’zgaradi, ayollar maoshi, ularga ko’chadagi munosabat o’zgaradi. Kitobim shu haqda”, - deydi u.
Nafaqadagi advokat Robert Oymat xotin-qizlarning yuridik sohada uzoq vaqt ishlashga qiynalishining sabablarini tushunganini aytadi.
“Odamlar kim bilan yolg’iz qolish mumkin, kim bilan mumkin emas va qanday holatlarda ular yolg’iz, shular haqida o’ylagani yaxshi. Ayollarni mehmonxonaga taklif qilish mumkin deb o’ylash, shu kabilar menga qiziq bo’ldi”, - deydi u.
“Men ham” harakati natijasini sarhisob qilishga hali erta. Kampaniya tufayli ko’p muammolar suv yuziga chiqdi, orqaga qaytish yo’q, deydi kuzatuvchilar.