“Maykrosoft” kompaniyasi ommabop “TikTok” ilovasini sotib olish maqsadida Xitoyning “ByteDance” kompaniyasi bilan muzokara qilayotganini tasdiqladi.
Tramp ma’muriyati o’smirlar orasida mehr qozongan ilovani milliy xavfsizlikka tahdid deb aytdi. “Maykrosoft” kelishuvni 15-sentabrgacha muhrlamoqchi va hukumat bilan bu haqda gaplashishini bildirdi.
Prezident Tramp ilova AQShda man qilinishiga ishora qilgan, biroq “Maykrosoft” rahbari bilan telefonda suhbatlashgach, hovuridan tushdi.
AQShda millionlab odam “TikTok”dan foydalanadi, ayniqsa o’smirlar orasida ilova tez tarqalmoqda. “TikTok” orqali kichik hajmli, odatda hazilomuz videolarni tarqatish mumkin.
AQSh kompaniyalariga qarashli “Facebook” va “WhatsApp” ilovalari kabi “TikTok” ham foydalanuvchilar ma’lumotlarini to’playdi. Bu esa AQSh hukumati va qonunchilarini xavotirga solmoqda, chunki “TikTok” Xitoyga qarashli kompaniya mahsuloti bo’lib, ba’zilar uni Xitoy hukumatiga bog’laydi.
“AQShda eng katta xavotir shuki, ilova Amerikadagi yoshlar haqida to’playotgan ma’lumotlarning Xitoy uchun uzoq muddatda siyosiy, iqtisodiy va intellektual foydasi bo’lishi mumkin. 10 yildan so’ng hozirgi yoshlar ulg’ayib, ba’zilari siyosiy lavozimlarga erishishi yoki intellektual mulk egasi bo’lishi mumkin”, - deydi Kaliforniya universitetining Axborot fakulteti dekani o’rinbosari Stiven Veber.
“TikTok”ning Amerikada kuchayishi boshqa sabablarga ko’ra ham diqqatga sazovordir. Masalan, “Qora tanlilar hayoti muhim” degan harakatning yosh faollari undan namoyish kunlari ko’p foydalandi.
Tramp saylov kampaniyasi doirasida Oklaxoma shtatining Tulsa shahrida o’tgan namoyishda odamlarning kam bo’lganiga sabab shuki, “TikTok”ning Trampga qarshi yosh foydalanuvchilari nomzod ma’ruzasi uchun taklif etilgan bepul chiptalarni qo’lga kiritish uchun o’zaro kelishib ro’yxatdan o’tgan, ammo ataylab tadbirga bormagan.
“TikTok” sobiq xodimlari va oshkor bo’lgan hujjatlardan shu narsa ma’lum bo’ldiki, ilova Xitoy hukumatiga to’g’ri kelmaydigan kontentni o’tkazmaydi, masalan, Gonkongdagi namoyishlarga doir videolar senzura qilingani aytiladi.
Prezident Trampning dushanba kuni aytishicha, “TikTok” AQShda ma’lum shartlar asosida faoliyat yuritishi mumkin.
“Agar uni “Maykrosoft” yoki birorta boshqa yirik, xavfsiz Amerika kompaniyasi sotib olsa, faoliyatiga qarshiligim yo’q”, - dedi Tramp.
“Zoom” uchrashuvlar platformasi va Xitoyning “Xuavey” smartfon kompaniyasi xavfsizlik xavotirlari yuzasidan amerikalik qonunchilar diqqat markaziga tushganidan so’ng AQSh va Xitoy texnologik kompaniyalari o’rtasidagi sermahsul hamkorlik yemirila boshladi.
“Texnologiyaga kelganda ikki yil oldin ko’plar AQSh va Xitoy o’rtasidagi ta’minot zanjirini uzish mumkinligini xayoliga ham keltirolmas edi. Hozir esa ana shu odamlarning ko’pi AQSh oxirgi bir yilda zanjirni uzishga qanchalik tayyor bo’lganini ko’rib hayron qolayotgan bo’lishi mumkin,” – deydi Stiven Veber.
Tramp “Maykrosoft”ga “TikTok”ni sotib olishga 15-sentabrgacha muhlat berdi.
“Facebook”ning filiali hisoblangan “Instagram” bir necha haftadan so’ng “TikTok”ka o’xshash ilovani chiqarishga hozirlik ko’rmoqda. Bu esa Xitoy kompaniyasiga “TikTok”ni sotishga undovchi yana bir omil bo’lishi mumkin.