Isroil va Falastin rahbarlari tinchlik muzokaralarining ikkinchi davrasini Misrning Sharm al Shayx kurortida o'tkazmoqda. Muloqot Vashingtonda AQSh vositachiligida boshlangan edi. Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, bu har ikki tomon uchun ajoyib imkoniyatdir.
Muzokaralar bugun Misrda, ertaga Quddusda bo'ladi. Xillari Klinton jarayon doirasida Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan alohida uchrashib, so'ng barchasi umumiy majlisga to'planadi.
Klinton tomonlar o'rtasida tinchlikka erishish oson bo'lmasligini tan olgan holda imkoniyat va paytdan unumli foydalanish kerak, deydi. Dolzarb muammolarni bu kabi yig'ilishsiz muhokama etib bo'lmaydi, deydi Klinton.
"Bu ham qulay imkoniyat, ham qiyinchilik davridir. Muloqotsiz tinchlikka umid yo'q, deydi davlat kotibi.
Obama ma'muriyati Isroil hukumatidan G'arbiy sohilda yahudiy qurilishlariga qo'yilgan va 26-sentabrda tugayotgan moratoriy muddatini uzaytirishni so'ragan.
Falastinliklar qurilishlar davom etsa, muzokaradan chiqamiz, deya ogohlantirgan.
"Maqsadimiz muzokaralar uchun sharoit yaratish va tomonlar muloqotga to'g'anoq bo'luvchi har bir qadamdan o'zini tiyishi kerak", - deydi Xillari Klinton.
Mahmud Abbos muzokaralarni bo'lajak Falastin davlatining chegaralaridan boshlamoqchi. Masala oydinlashsa, Isroil qayerda qurishi mumkinligi ham ayon bo'ladi, deydi Klinton.
Uning aytishicha, muammo yechimini cho'zmaslik kerak.
"Bu juda ham oson formula. Muloqotsiz na xavfsizlik va na davlatga erishish mumkin. Muzokaralar hech bo'lmaganda qandaydir umid bag'ishlaydi", - deydi u.
Xillari Klinton bugun, shuningdek, Misr prezidenti Husni Muborak va Iordaniya qiroli Abdulla bilan ham uchrashmoqda.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, bu imkoniyatdan to'liq foydalanish kerak, muloqotsiz tinchlikka umid yo'q.