NATO Liviyadagi missiyani tugatdi, AQSh qo'shinlari Fors ko'rfazida qoladi

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy (chapda) va Qatar Tashqi ishlar vaziri Shayx Hamad bin Yassim al-Taniy (markazda)

AQSh-QUVAYT

Qo'shma Shtatlar yil oxirigacha qo'shinlarini Iroqdan chiqarishga hozirlanar ekan, bir qismini Fors ko'rfazi mintaqasida qoldirish ustida o'ylanmoqda. Bu haqda AQShda chiqadigan "Nyu-York Tayms" gazetasi ma'lum qilmoqda. Unga ko'ra, Amerika rasmiylari hozir Quvayt bilan bu haqda muzokara qilmoqda. Rejaga asosiy sabab Iroqda ahvol yomonlashsa yoki Eron bilan harbiy to'qnashuv yuzaga kelgudek bo'lsa, qo'shinlarni mojaro zonasiga tezroq safarbar etish.

"Nyu-York Tayms" deydiki, Qo'shma Shtatlar bir necha harbiy kemasini ham hududga eltib qo'ymoqchi.

LIVIYA

Bugun NATOning Liviyada yetti oy davomida olib borgan havo hujumlarining so'nggi kuni. Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Tripolida Liviya muvaqqat hukumati rasmiylari bilan uchrashmoqda. Bu NATO rahbarining Liviyaga ilk tashrifi.

Rasmussenning aytishicha, harbiy kampaniya tugatilib, Liviyaga boshqa turdagi yordam ko'rsatish masalasi muhokama etiladi. NATO shu kungacha BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi asosida harakat qilgan. Liviya rahbariyati alyansdan missiyasini yil oxirigacha davom ettirishni so'raganiga qaramay Xavfsizlik Kengashi o'tgan hafta NATO mandatini tugatishga qaror qilgan.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, Liviya rahbarlari oldida mamlakatni jipslashtirishdek jiddiy siyosiy vazifa turibdi.

SURIYA

Arab Ligasi Suriyadan mamlakatda zo'ravonliklarni bas qilishga qaratilgan rejasiga javob kutmoqda. Qatar Bosh vaziri Hamad bin Yasim al-Taniyning aytishicha, reja kecha Doxada o'tgan muzokaralar yakunida Suriya hukumatiga taqdim etilgan.

Arab Ligasi tashabbusining nimadan iborat ekani ma'lum emas hozircha. Tashkilot bungacha Suriya prezidenti Bashar al-Assadni mamlakat ichida harbiy harakatlarni to'xtatib, prezident saylovlarini tezlashtirishga chaqirib kelgan edi. Assad hukumatining javobiga qarab chora ko'ramiz, deydi Shayx Hamad.

Al-Arabiya telestansiyasiga ko'ra, Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim xalqaro hamjamiyatni xorij matbuotining Suriyadagi ahvolga doir yolg'onlariga laqqa tushayotganlikda ayblagan.