Yaqin Sharqda namoyishlar tinmayapti

  • Amerika Ovozi
Suriyada namoyishlar

Suriyada namoyishlar

Suriya

Bugun Suriya bo'ylab juma namozidan so'ng odamlar siyosiy islohotlar talab qilib namoyish qilgan. Xavfsizlik kuchlari Sanamayn qishlog'ida namoyishga yo'l olayotgan odamlarni o'qqa tutib, 15 kishini o'ldirgan. Joriy hafta bu qishloqqa yaqin Daraa shahrida ham 15 kishi otib o'ldirilgan edi.

Hukumat islohotlar va'da qilib, favqulodda holat haqidagi qonunni bekor qilish masalasini ko'rib chiqishga rozi bo'lgan. Namoyishchilar Suriya xavfsizlik xizmati faoliyatini cheklashni, siyosiy mahbuslarni ozod etishni, fikr erkinligiga yo'l ochishni ham talab qilmoqda.

Bahrayn

Bahrayn hukumati namoyishlarning oldini olish maqsadida mamlakat bo'ylab xavfsizlik kuchlarini safarbar etgan. Ko'p joylarda nazorat punktlari o'rnatilib, harbiy samolyotlar osmonga ko'tarilgan. Muxolifat aholini juma namozidan so'ng namoyishga chiqishga da'vat etgan.

Siyosiy islohotlarni jadallashtirib, sunniy sulola hukmronlik qiluvchi davlatda shialarga nisbatan munosabatni yaxshilash talablari olga' surilmoqda.

Bahrayn Tashqi ishlar vaziri shayx Xolid bin Ahmad al-Xalifa Livan hukumatiga Hizbulloh harakati ustidan shikoyat qilgan. Uning aytishicha, shialardan iborat guruh Bahrayndagi shialarga yordam taklif qilib, mamlakat ichki ishlariga aralashgan. Bundan tashqari Bahrayn hukumati Hisbullohni G'arb davlatlari kabi terrorchi tashkilot deb biladi.

Iordaniya

Bugun Iordaniyada ham namoyishlar o'tgan. Muxolifat va hukumat tarafdorlari to'qnashgach, politsiya ularni suv bilan ajratgan. Tomonlar bir-biriga tosh otib, 100 dan ziyod kishi jarohat olgan.

Namoyishchilar parlamentni tarqatib yuborishni va Bosh vazir Maruf al-Baxitni lavozimidan olishni talab qilmoqda.