AQShning janubiy chegarasi tomon yurayotgan migrantlarning aksariyati, asosan, uch mamlakat - Gvatemala, Gonduras va Salvadordan bo’lsa, chegarachilar Texas shtatining Del Rio rayonida o’tgan yili 50 dan ziyod mamlakatlar fuqarolarini chegarada ushlagan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh chegara patruli qo’liga, asosan, markaziy amerikalik migrantlar tushmoqda. Biroq boshqa mamlakatlar vakillari ham quruqlik orqali Amerikaga kirishga urinmoqda. Texasning Del Rio chegara punktida joriy yilda ushlangan 51 mingdan ziyod odamning ikki mingdan ko’pi Gaitidan, salkam 1700 nafari esa Afrikaning 36 mamlakatidan ekani aytilmoqda.
Chegara patruli vakili Allen Vavel bunga shunday izoh beradi.
“Ular chegaraning aynan shu qismidan o’tish osonroq ekani haqida ijtimoiy tarmoqlardan xabar topib yo’lga chiqqan”, - deydi u.
Biroq yo’l nafaqat olis, balki xavfli hamdir. Juliya ismli ayol 2014-yilda ikki qizi bilan Kongo Demokratik Respublikasidan qochadi. O’g’lini o’sha yili o’ldirib ketishganidan keyin qizlarining taqdiridan xavotir olib mamlakatda qolmaslikka qaror qiladi.
“Uxlayotgan paytingizda qaroqchilar tom orqali uyga kirib, pul talab qiladi. Bermasangiz, qizingizni zo’rlab ketishadi”, - deydi ayol.
Juliya avval Angolaga boradi. Biroq u yerda ham o’zlarini xavfsiz his qilishmaydi. 2018-yilda Ekvadorga uchishadi. So’ng avtobus va qayiqda Kolumbiyaga, undan keyin daryo, tog’ va o’rmon osha 14 kunlik mashaqqatli yo’ldan so’ng Panamaga o’tishadi.
“Biz qo’lga olgan migrantlarning aksariyatida AQSh chegarasigacha kelish uchun yetarlicha pul bo’lgan”, - deydi chegara patrulining bosh agenti Raul Ortis.
Meksikaning Gvatemala bilan janubiy chegarasida Afrika va Gaitidan kelayotgan ko’p migrantlar AQSh tomon safarini davom ettirish uchun bir necha haftalab tranzit ruxsatini kutishga majbur.
AQShga yetib olganidan so’ng mamlakatga kirishga ruxsat olgan muhojirlar Texasning San-Antonio kabi shaharlarida yangi qiyinchiliklarga duch keladi – ularning bu joylarda na oila a’zolari, na tanishlari bor.
Ruhoniy Gavin Rojers mahalliy cherkovda migrantlar uchun tashkil etilgan boshpanada ishlaydi.
“Afrikalik migrantlar Amerika bo’ylab uy-joy topishda qiynaladi. Ba’zilar boshpanamizda bir necha kun, ba’zilar bir necha hafta ham qolgan”, - deydi pastor.
AQShda siyosiy boshpana olish uchun murojaat qilgan markaziy amerikalik, kubalik va venesuelalik muhojirlarning bir qismi AQSh immigratsiya sudi bilan suhbatgacha qo’shni Meksikada qolishga majbur.
“Meni hibsxonadan Meksikaga qaytarishlarini eshitganimdan so’ng immigratsiya xizmati xodimiga Amerikada qoldiring deb yolvordim, ammo unashmadi. AQSh va Meksika o’rtasida kelishuv borligini aytishdi”, - deydi venesuelalik bir ayol.
Uning arizasi ko’rilganidan so’ng oktabr oxiriga immigratsiya sudida suhbat belgilangan.