AQShda 1960-yillarda fuqarolik huquqlari uchun kurashib jon bergan Martin Lyuter Kingning mashhur “Bir orzum bor” nutqini nishonlash uchun poytaxt Vashington ko’chalaridan yuzlab ruhoniy yurish qildi. Ular mamlakatda irqchilikka barham berishga chaqirdi.
Kingning to’ng’ich o’g’li Martin Lyuter King Uchinchi namoyishchilarga qo’shilib, fuqarolik huquqlari faollari 54 yil oldin yurgan yo’lni bosib o’tdi.
"Katolik, baptist, yahudiy, hindu, sikx va boshqalar birga yurdik. Oq uydagi hozirgi ma’muriyatdan irqchilikka qarshi, oq tanli millatchilarga qarshi faolroq harakat qilishni so’raymiz”, - deydi yahudiy ruhoniy Tamara Miller.
Yaqinda Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida oq tanli millatchilar namoyishi paytida bir ayol nobud bo’ldi, mamlakat bo’ylab irqchilikka qarshi namoyishlar kuzatildi.
Ba’zilar Prezident Donald Trampni millatchi guruhlar harakatlarini zudlik bilan qoralamagani uchun tanqid qildi.