O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U 2003-yildan beri bosh vazir bo'lib ishlab keladi. Parlament quyi va yuqori palatalarining qo'shma majlisida ana shunday qaror qabul qilingan.
Mirziyoyev 1957-yilda O'zbekistonda tug'ilgan. Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan. Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumani hokimi, Jizzax va Samarqand viloyatlari hokimi bo'lib ishlagan.
O'tgan hafta O'zbekiston rahbari Islom Karimov 79 yoshida vafot etgandan keyin muvaqqat prezidentlik vazifasi, konstitutsiya bo'yicha, Sena raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tishi kutilayotgan edi.
Hukumat rasmiy portalida berilgan xabarga ko'ra, Yo'ldoshev bu vazifani qabul qilishni istamagan va muvaqqat prezidentlikka bosh vazir nomzodini tavsiya qilgan.
Parlament ikkala palatasining qo‘shma majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Saylov komissiyasiga uch oy ichida mamlakatda muddatidan avval prezident saylovi o‘tkazish uchun tayyorgarlik boshlash bo‘yicha topshiriq berilgan.
Mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etgani e’lon qilingan 2-sentabr kuni Mirziyoyev Karimovni dafn qilish bo‘yicha tashkil etilgan davlat komissiyasi raisligiga tayinlangan edi.
Aksar kuzatuvchilar Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidentligiga asosiy da’vogar ekanini ta’kidlamoqda.