Ostonaga tashrifi oldidan Mirziyoyev qozoq matbuotiga intervyu berdi

Ostana, Qozog'iston

O’zbekiston prezidenti bugun qo’shni mamlakatga safarini boshladi. Islom Karimov o’limidan so’ng boshqaruvni o’z qo’liga olgan Shavkat Mirziyoyev ilk kundanoq qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga kirishdi.

Oy boshida Turkmanistonga safari chog’ida ikki mamlakat o’rtasida strategik hamkorlik haqida bitim imzolandi. Ostonada savdo, iqtisodiyot, transport, logistika sohalarida hamda mintaqaviy masalalarda hamkorlik muhokama qilinishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ostonaga tashrifi oldidan Mirziyoyev qozoq matbuotiga intervyu berdi

Qozog’iston matbuotiga bergan intervyusida Shavkat Mirziyoyev aloqalarni yanada kuchaytirish xususida fikr almashamiz, dedi. Unga ko’ra, O’zbekiston va Qozog’iston mintaqaviy va xalqaro masalalarda deyarli bir xil pozitsiyaga ega.

“Mintaqadagi hech bir mamlakat regionda yashovchi odamlar muammolarini yolg’iz hal qila olmaydi. Chegara masalalari, xususan, chegara demarkatsiyasi va delimitatsiyasi, transport, aloqa, ekologiya, suvdan oqilona foydalanish shular jumlasidan”, - dedi O’zbekiston rahbari.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining suvga ehtiyoji hamisha yuqori bo’lgan. Global iliqlik hamda suvga ehtiyojning yanada o’sishi ketidan suv tanqisligi dolzarblashmoqda. Shu sabab, deydi Mirziyoyev, qo’shni davlatlar suvni tejashi, undan maslahatlashgan holda oqilona foydalanishi zarur.

“Murosa barcha muammolarga yechimdir. Hech bir mamlakat yakka holda o’z energiya resurslari va mahsulotlarini mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan hamkorliksiz, ularning ishtirokisiz jahon bozoriga olib chiqa olmaydi. Transport oqimlarini boshqarish uchun yagona uyg’unlashgan tizim hamda qo’shimcha transport korridorlarini yaratishga kelishib olish kerak. Bundan barchamiz foyda ko’ramiz”, - dedi O’zbekiston prezidenti.

Afg’onistondagi vaziyatga munosabatini ham bildirar ekan, Mirziyoyev O’zbekiston va Qozog’iston Afg’oniston taraqqiyotida faol rol o’ynashi kerak, dedi.

“Qo’shma infratuzilma loyihalarini rivojlantirish zarur, Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg’oniston orqali Janubiy Osiyo, Fors ko’rfazi va Yaqin Sharq bandargohlariga chiqishi mumkin”, - dedi Mirziyoyev “Kazinform” davlat agentligiga bergan intervyusida.

O’zbekiston yangi rahbarining mamlakatdagi islohotlari hamda qo’shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari nafaqat respublika va mintaqa ahli tomonidan, balki Islom Karimov paytida O’zbekistonga tanqidiy qaragan xalqaro tahlil markazlari tomonidan ham ijobiy baholanmoqda.

Xususan, Bryusselda joylashgan Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi “O’zbekiston: 100 kun” sarlavhasi ostida hisobot chiqarib, Mirziyoyev faoliyati ijobiy o’zgarishlar uchun umid bag’ishlamoqda, deya xulosa chiqargan.

“O’zbekiston o’tmishdagi siyosatidan voz kechib, qo’shni mamlakatlarga ochilmoqda. Chegara muammolarini, fuqarolik muammolarini hal qilishga qaratilgan harakatlar, Dushanbe bilan aviaqatnovni yo’lga qo’yish tashabbusi ijobiy signal. Mirziyoyevning ilk xorijiy safari Turkmanistonga bo’lgani ham ramziydir”, - deydi bu tashkilot vakili Magdalena Grono.

Aprel oyida O’zbekiston rahbari Rossiyaga davlat tashrifi bilan borisihi kutilmoqda. O’tgan oy Vladimir Putin mintaqaga safar qilganida Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda bo’ldi, ammo O’zbekistonga bormadi. Biroq bundan O’zbekiston-Rossiya aloqalari haqida xulosa chiqarmaslik kerak, deydi kuzatuvchilar.