Shimoliy Koreya ballistik raketasi sinovi ketidan Qo’shma Shtatlar qit’alararo ballistik raketaga qarshi mudofaa tizimini sinovdan o’tkazdi. Kaliforniya shtatidagi harbiy-havo bazasidan otilgan raketa 7500 kilometr masofadagi Marshall orollaridan chiqarilgan boshqa bir raketani Tinch okeani uzra urib tushirishga muvaffaq bo’ldi.
Amerika harbiylari bu bilan Shimoliy Koreyaning ehtimoliy hujumini mashq qilgan. Pxenyan yadro dasturi Qo’shma Shtatlarni xavotirga solmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va yirik davlatlar ogohlantirishlariga qaramay, kommunistik mamlakat yadroviy salohiyatini oshirishda davom etmoqda. Shimoliy Koreya AQShning ehtimoliy hujumlaridan shu tariqa o’zini mudofaa etishga majbur ekanini tushuntirmoqda.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining aytishicha, Pxenyanning eng yaqin ittifoqchisi Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashida unga qarshi choralar xususida muzokara qilmoqda.
"Muammoni qachon hal etish ustida tortishyapmiz. Ya’ni nima bo’lganda chora ko’rish kerakligi haqida”, - deydi Amerika elchisi.
Unga ko’ra, Xitoy o’z kanallari orqali Shimoliy Koreyani yadroviy sinovlardan o’zini tiyishga undamoqda.