AQSh raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini takomillashtirish strategiyasini yangiladi. Oldingi strategiya sakkiz yil xizmat qildi. Prezident Donald Trampning ma’lum qilishicha, Alyaska shtatida raketalarni urib tushiruvchi 44 ta sistemaga qo’shimcha ravishda yana 20 ta tizim o’rnatiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-yanvar, 2019-yil

Davlat rahbari yangi strategiyani Pentagonda e’lon qildi.

“Maqsadimiz oddiy – AQShga istalgan joydan istalgan payt otilgan raketani aniqlab, uni yo’q qilish”, - dedi u.

Amerikaning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi, asosan, Xitoy va Rossiya kabi qudratli davlatlar hamda Eron va Shimoliy Koreya kabi raketa salohiyatini oshirishga intilayotgan mamlakatlar tahdididan himoya qilishga urg’u beradi.

“Raqiblarimiz shuni bilsinki, biz ularni kuzatyapmiz va siyosatiga nisbatan tegishli choralar ko’ryapmiz”, - deydi mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Pet Shenexen.

Yangi strategiya tovush tezligidan besh baravar tez uchuvchi raketalarga ham qalqon bo’lishni, fazodagi raketalar yordamida dushmanning hujumkor salohiyatiga zarba berishni ko’zlaydi.

Shimoliy Koreya rahbarining o’rinbosari shu hafta Vashingtonda Prezident Tramp va Kim Chen Un o’rtasidagi ikkinchi uchrashuv tashkilotini muhokama qilmoqda.

Tramp uning asosiy vazifasi Amerikani himoya qilish ekanini aytadi.

“Amerikaning har bir shahrini mudofaa qilishga qodir sistema yaratyapmiz va hech kim bizni bu yo’ldan qaytara olmaydi”, - deydi u.