Arizona shtatining Moxave grafligi aholisining to’rtdan uch qismi noyabr saylovlarida Trampga ovoz bergan. Moxaveliklar uning Oq uydagi faoliyatini qo’llab-quvvatlaydi. Ular nazarida, Tramp Amerika qadriyatlarini targ’ib qilmoqda, Amerika tadbirkorlari manfaatlarini himoya qilyapti.
Sem Skarmardoning qurol do’koni va tiri bor. Odamlar u yerga qurol otishni mashq qilish uchun borib turadi.
Arizonadagi kichik shaharlar konservativ bo’lib, Trampni qo’llab-quvvatlaydi.
"Ba’zida balandparvoz gaplarni ko’p gapiradi. Ammo shuncha gap, shuncha tomosha ortida Amerikani yana buyuk qilishga qaratilgan ko’p o’ylar va ishlar ham bor", - deydi u.
Unga ko’ra, Tramp Amerika an’analari, masalan, qurolga egalik qilishni himoya qilmoqda. Skarmardo qurolni ham sotadi, ham ijaraga beradi. Jumladan, avtomatik qurollarni ham. Muammolar ko’p, deydi u.
"Eng birinchisi immigratsiya. Bizning shaharda ishidan ayrilgan yoki kam maosh oluvchi odamlar bor. Mamlakatni esa noqonuniy muhojirlar bosgan”, - deydi u.
Skarmardo respublikachi saylovchilarning haftalik nonushtalariga borib turadi. So’nggi bor mahalliy mavzulardan so’ng Prezident Tramp haqida gap ketdi.
Graflik Xavasu ko’li va 1960-yillar oxirida Londondan keltirilgan ko’prik bilan tanilgan. Iqtisodiyot bu yerlarda hozir yaxshi emas.
Tramp tarafdorlaridan biri Arizona bilan chegaradosh Meksika bilan aloqalarimiz buzilmasin, deydi.
"Aks holda Lotin Amerikasidagi barcha mamlakatlar bilan munosabatlar taranglashadi. Xitoy kabi mamlakatlar bundan foydalanib, mintaqamizda moliyaviy ta’sirini kuchaytiradi", - deydi Xavasu Ko'li shahar kengashi raisi Gordon Groat.
Bu saylovchilarning aytishicha, Tramp biznes va G’arb qadriyatlarini tushunadi. Ayrimlari prezidentni tanqid qilsa-da, Vashingtondagi o’zgarishlar tezligidan mamnun.