BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi Iroq armiyasining “Islomiy davlat” guruhi jangarilariga qarshi hujumi oqibatida Musulni bir milliondan ziyod aholi tashlab chiqishi mumkin, deya ogohlantirmoqda. Shahar ayni damda Daish qo’lida, hukumat uni qayta ishg’ol qilishga hozirlanmoqda.
Boshqarmaning ma’lum qilishicha, so’nggi oylarda 213 ming odam Musuldan Iroqning boshqa hududlariga ko’chgan.
Tashkilot matbuot kotibi Adrian Edvardsning aytishicha, hozir undan-da ko’p odam shahardan qochishi mumkin.
“Musul Bag’doddan so’ng Iroqda ikkinchi yirik shahar. Harbiy hujumning oddiy insonlarga ta’siri juda katta bo’ladi. Gap 1,2 milliongacha odam haqida ketmoqda”, - deydi Edvards.
Unga ko’ra, BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi mojaro zonasidan qochishi kutilayotgan iroqliklar og’irini yengil qilish uchun qo’shimcha lagerlar qurishga harakat qilarkan qiyinchliklar bilan yuzlashmoqda - yer va mablag’ yetishmayapti.
Edvardsning aytishicha, Iroq shimoli bo’ylab olti hududda lagerlar qurish rejasi bor, yerni mahalliy hukumat, pulni esa donor mamlakatlar ajratishi kerak. Shundagina uyidan ayrilgan yuz minglab odamlarni joylash imkoni bo’ladi.
“Muammolar talaygina. Ko’p xususiy yer egalari maydonlarini ijaraga berishni istamaydi, boshqa joylar esa jug’rofiy tomondan lager qurishga yaramaydi. Bunday joylarning ba’zilari mojaro zonasiga o’ta yaqin bo’lsa, boshqalari portlamay qolgan mina va bombalarga to’la”, - deydi tashkilot vakili.
Iroq mojaro va zo’ravonliklar sabab uy-joyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan odamlar soni bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda. 2014-yildan beri salkam 3,4 million odam shu ahvolga tushib qolgan. Ba’zilari uyiga qaytib takror qochishga majbur bo’lgan. Agentlik ayni damda 120 minggacha odamni sig’dira oladigan lagerlar qurishni rejalamoqda.