Bugun Qirg’izistonda uch kunlik motam boshlandi. Hukumat janubdagi jinoiy to’dalar qo’lidan 190 kishi o’lgan demoqda.
Ammo etnik o’zbeklar, xalqaro tashkilotlar va mojaroni yoritish uchun mintaqaga borgan G’arb matbuoti nazarida 700 dan ziyod odam o’lgan, asosan o’zbeklar. 200 mingga yaqin kishi uylarini tashlab chiqqan. Ko’pchilik O’zbekistonga qarashli chegara hududda tashkil etilgan lagerlarda panoh topgan.
Qirg’iz askarlari O’sh shahrini nazorat qilmoqda. Biroq xalqaro matbuot va o’zbek aholisiga ko’ra, xunrezliklarda qirg’iz armiyasi va militsiyasi ham ishtirok etgan. Xususan O’sh shahar hokimi Melis Mirzakmatov sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning yaqin odamlaridan va xunrezliklar tashkilotchilaridan biri ekani aytilmoqda.
Qirg’iziston Xavfsizlik kengashi kotibi bugun Moskvada Rossiya hukumatidan gumanitar yordamni tezlashtirishni so’rashi kutilmoqda. Qo’shma Shtatlar ham 10 million dollar miqdorida Qirg’izistonga yordam berishini aytmoqda. Biroq etnik o’zbeklarning shikoyat qilishicha, Bishkekka berilayotgan gumanitar yordam o’zbeklarga yetib bormayapti.
Bir necha mamlakat o’z fuqarolarini Qirg’iziston janubidan evakuatsiya qilmoqda. Xususan, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Janubiy Koreya va Turkiya.
Bugun, shunigdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, Andijonda minglab qochqinlar uchun gumanitar yuk ortilgan samolyotlar qo’ngan. 800 ta palatka, ko’rpa-to’shak yetkazilgan. BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi bugun idorasini ochgan. Uning vakili Andrey Maxechichning aytishicha, hafta oxirigacha yana bir necha samolyot yuk kelishi kutilmoqda. Jami 240 tonnadan ziyod anjomlar.
Agentlik O’shga ham favqulodda guruhi va gumanitar yordam yuboradi, deydi Maxechich.
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha mouvini Robert Bleyk juma va shanba kunlari Qirg’iziston va O’zbekistonda bo’lib, vaziyatni o’rganadi.
Bugun prezident Islom Karimov BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan telefon orqali vaziyatni muhokama qilgan. Bosh kotib O'zbekiston rahbariga gumanitar inqiroz bilan konstruktiv ravishda shug'ullanilayotganiga minnatdorchilik bildirib, BMTga qarashli barcha idoralar bilan muvofiqlashgan holda yordam berishga tayyor ekanini aytgan.
Pan Gi Munning aytishicha, BMTning O'zbekistondagi vakiliga qochqinlar lagerida ishlash uchun hukumat tomonidan barcha sharoit yaratilgani ham tahsinga sazovor.