Prezident Donald Tramp Kongressdagi yillik murojaatida “MS-13” guruhini AQShdagi eng zo’ravon va qotil to’da deb atadi. Uning aytishicha, Amerika immigratsiya tizimidagi muammolar ana shu jinoiy to’daning vujudga kelishiga sabab bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Vahshiyona harakatlari bilan tanilgan “MS-13” jinoiy to’dasi 1980-yillar oxirida Salvadordagi fuqarolar urushi oxirida shakllana boshlagan edi. O’sha paytda zo’ravonliklar minglab odamlarni AQShga qochishga majbur qildi.
“AQShda “Koreyataun” nomli joyga borib yashay boshladik. Bu mamlakatda hayot boshqacha edi, unga darrov ko’nika olmadik”, - deydi to’daning sobiq a’zosi Aleks Sanchez.
Stiven Dudli Amerika qit’asida uyushgan jinoyatchilikni o’rganuvchi va tergov qiluvchi tashkilot direktorlaridan biri.
“Ular Amerikaga kelib, Los-Anjelesga kelib, ijtimoiy, himoya guruhi sifatida ish boshlashadi. Ijtimoiy guruh bo’lishlariga sabab shuki, ular rok musiqasini, boshqa turdagi musiqani ko’p tinglashardi, so’ng qo’shiqlarda kuylangan ijtimoiy muammolarni guruhda muhokama etib, vaqt o’tishi bilan zo’ravon tus ola boshlashdi”, - deydi u.
“MS-13” “La Mara Salvatrucha” so’zlaridan shakllangan atamadir. “La Mara” ispanchada “to’da” degani, “Salvatrucha” deb esa salvadorlik partizanlarni atashardi. 13 raqami ispan alfavitidagi 13-harfni anglatadi – La Eme – Los-Anjelesdagi meksikaliklar to’dasining nomi.
Sanchez bir oiladek bo’lganmiz, deydi.
“Ko’p tashvishlarim bor edi. Nafaqat mahallada, maktabda, balki vatanimizda ham. Ko’p zug’umlrga uchraganmiz”, - deydi Sanchez.
“Shunday ahvolga tushgan o’xshash yoshlarning bir guruhga to’planishi tabiiy holdir. “MS-13” ana shunday yoshlarni o’z saflariga yollagan”, - deydi Dudli.
Ayrim yirik shaharlarda guruh jinoyatlari ko’payishi ketidan Prezident Bill Klinton uning a’zolarini mamlakatdan deportatsiya qilish jarayonini tezlashtiradi. 1990-yillarda minglab jinoyatchilar Salvador, Gonduras, Gvatemalaga qaytarib yuboriladi.
Sanchez 1994-yilda Salvadorga deportatsiya qilinadi. Biroq unga o’xshaganlarga vatanida munosabat salbiy edi.
“Badanimdagi tatuirovkalar terror nishonasiga aylandi. Odamlar menga ishonmas edi, meni ta’qib etishardi, mendan qo’rqishardi, tinch hayot kechirolmasdim, yangi hayot boshlay olmasdim. Shunga qochishga majbur bo’ldim”, - deydi u.
Sanchez AQShga butunlay boshqa inson sifatida qaytadi. U hozir to’daning sobiq a’zolarini normal hayotga qaytarish bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilotni boshqaradi. Ish talaygina. Ommaviy deportatsiyalarga qaramay, guruhning dunyo bo’ylab 30 mingdan oshiq a’zosi jinoiy ishlaridan voz kechmagan.