MTS va O'zbekiston ishi xalqaro tribunalda

Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz Vashingtonda joylashgan

2012-yilning yozida moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, O'zbekistondagi faoliyatini tugatishga majbur bo'lgan va jarayonda 1 milliard dollar zarar ko'rganini da'vo qilib kelayotgan MTS mobil aloqa kompaniyasi respublika hukumati ustidan shikoyat qilib, xalqaro arbitrajga murojaat qilgan edi. MTS O'zbekistonda 10 millionga yaqin mijozini yo'qotgan.

Vashingtonda bu ish muhokamasi boshlandi. Arbitraj o'tayotgan joy - Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz (ICSID), Jahon banki guruhining bir qismi hisoblanuvchi organ. O'zbekiston bu tashkilotga 1995-yildan beri a'zo.

Guruhga undan tashqari Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Qayta qurish va taraqqiyot banki (IBRD), Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (IDA), Xalqaro sarmoya kafolati agentligi (MIGA) kiradi.

"Amerika Ovozi" ICSID bilan bog'langanida savollarga faqat yozma javob beriladi deya bayon qilindi.

Tartibga ko'ra, uch kishidan iborat maxsus hay'at tuzilib, tomonlarning da'volari tinglanmoqda.

MTS shikoyatnomani 2012-yilning 15-noyabrida uzatgan. Shundan keyin xalqaro markaz hay'at tuzishga kirishgan. Avstraliyadan Gavan Griffit unga rais. Qolgan ikki a'zo - AQShdan Maykl Rayzman va Gollandiyadan Albert Yan van den Berg.

Hay'at, qoidaga binoan, maxsus ro'yxatdan tanlanadi. A'zo davlat bu ro'yxatga o'zidan to'rt tajribali huquqshunosni taklif qilishi mumkin. Nizolashayotgan tomonlar hay'at a'zolarini tanlash imkoniyatiga ega.

2013-yilning sentabr oyida O'zbekiston MTS da'volarini rad etib, ilk javobini bergan. Oktabr oyida esa MTS bu raddiyaga o'z munosabatini bildirgan.

Aytish joiz, MTS ("Мобильные Телесистемы") Rossiya kompaniyasi va sobiq ittifoq bo'ylab xizmat ko'rsatadi. Kompaniya 2004-yilda prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovadan "O'zdunrobita" ning 74 foizini sotib olgan va keyingi yillarda uning yagona egasiga aylangan. Sakkiz yillik biznesida O'zbekistonda jami 1,1 milliard dollar sarmoya qilgan.

Arbitrajda ilk muhokama 11-noyabr o'tgan edi. ICSIDning bildirishicha, yozma va og'zaki jarayon davom etmoqda. Qachon yakunlanishi va hukm qachon chiqishi mumkinligi haqida hozircha biror narsa deyish qiyin.

Har yili o'nlab ishlarni ko'rib chiquvchi organda har bir holat o'ziga xos jarayon va alohida hay'at tomonidan nazorat qilinadi. Investor va mezbon orasidagi tortishuvlarda odatda sarmoya bilan bog'liq muhit va korrupsiya hollari asosiy masalalar va muammolar sifatida tilga olinadi.

Ayni damda bir necha turk bizneslari hamda G'arb sarmoyadorlari, xususan tabiiy gaz ishlab chiqarish va to'qimachilik sohalariga pul olib kirgan kompaniyalar, O'zbekiston hukumati ustidan shikoyat qilib, ICSIDdan adolat kutmoqda. Toshkent ularning ham iddaolarini inkor etgan.

Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz qanday hukm chiqarishidan qat'i nazar, tomonlar unga bosh egishi va amal qilishi shart. Ish qayta ko'rib chiqilmaydi, faqatgina yangi ma'lumot keltirilsa hukmga qo'shimchalar kiritish mumkin xolos.

ICSID 2006-2007 yillarda O'zbekistonda qimmatbaho metal sanoatini rivojlantirish uchun kirib, millionlab dollarini boy berganini da'vo qilgan "Nyumont" (Newmont), AQSh kompaniyasi shikoyatini ko'rib chiqqan. Ish yarmiga borib tomonlarning roziligi bilan yopilgan. 2007-yilning iyulida Kolorado shtatida asoslangan, oltin qazuvchi bu kompaniya O'zbekistondan 80 million dollar tovon olayotgani va O'zbekistondagi mulklari bu davlat ixtiyoriga o'tishini e'lon qilgan.

2010-yilda Isroilning metal biznesi, Metal-Tech Ltd, O'zbekistondagi korrupsiyadan dod deb organga shikoyat bilan chiqqan. 2013-yilning oktabrida berilgan hukmga ko'ra, kompaniyaning o'zi ham O'zbekiston qonunlarini buzgan, ya'ni hukumatning yuqori lavozimli rasmiylariga pora bergan.

MTS Londondagi Debevoise & Plimpton degan advokatura, O'zbekiston esa Mayamidagi Boies, Schiller & Flexner firmasi yuristlari tomonidan himoya qilinmoqda.