O’tgan yili Misrda xalq qo’zg’oloni natijasida taxtdan ag’darilgan prezident Husni Muborak yuzlab namoyishchining o’limiga hissa qo’shganlikda aybdor topilib, unga umrbod qamoq jazosi berildi.
Prokurorlar Misrni 30 yil boshqargan sobiq prezident uchun oliy jazo so’ragan edi.
Sud qarori e’lon qilingach, 84 yoshli Muborak Tora hibsxonasiga olib ketilgan. Kasalmand, holdan toygan sobiq rahbar mahkama jarayonida kasalxonada saqlanayotgan edi.
Husni Muborak mintaqada avtoritar tuzumlarga qarshi avj olgan isyonlar ketidan o’z vatanida javobgarlikka tortilgan birinchi prezidentdir.
http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=vid&id=1146346&w=480&h=360&skin=embeded
Sal avval, Misr ichki ishlar vaziri Habib al-Adliy ham qotilliklarda ayblanib, umrbod qamalgan edi. Muborak va uning o’g’illari A’lo va Jamolning korrupsiyaga aloqadorligi isbotlanmagan.
Qohirada sud jarayonini kuzatgan “Amerika Ovozi” muxbirining xabar berishicha, hukmlar e’lon qilingan zahoti sud zalida ur-yiqit boshlanib ketgan. Qohiraning Tahrir maydonida olomon bayroq va plakatlar ko’tarib chiqqan.
Muborakning advokatlari sud qarorini appelyatsiya qilamiz, demoqda.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Norvegiyada jurnalistlar bilan suhbatda, hukm yuzasidan izoh bermadi. Prezident saylovlari natijasi xalq xohish-irodasini aks ettirishi kerak, deya ta’kidladi xolos.