Muhammad Bekjon - matbuot erkinligi mukofoti sohibi

  • Amerika Ovozi

Muhammad Bekjon, qamoqda olingan surat

1999-yildan beri qamoqda o'tirgan, sudlanishidan oldin muxolifatdagi "Erk" gazetasining bosh muharriri bo'lgan Muhammad Bekjon Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining yillik xalqaro Matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirlandi.

Taqdimot marosimida sovrinni uning nomidan Markaziy Osiyo Inson huquqlari uyushmasi rahbari Nadeja Atayeva qabul qildi.

"Chegara bilmas muxbirlar" nazarida Muhammad Bekjon O'zbekistonda jurnalistika taraqqiyoti uchun bebaho hissa qo'shgan, matbuot va so'z erkinligi yo'lida kurashgan va shu bois ham ta'qibga uchragan.

Tashkilot, boshqa qator xalqaro organlar qatorida, jurnalistning ozod etilishini talab qilib keladi.

Muhammad Bekjon siyosiy mahbus bo'lib, muxolif qarash va fikrlarni yoritgani, muqobil siyosat haqida yozgani uchun nishonga olingan, deya bildiradi "Chegara bilmas muxbirlar".


Dastlab 13 yilga qamalgan jurnalist ozodlikka chiqishiga oz vaqt qolganida, tartibni buzganlikda ayblanib, jazo muddati yana besh yilga uzaytirilgan.

Muhammad Bekjon "Erk" partiyasining raisi Muhammad Solihning ukasidir.

U man etilgan gazeta yuritganlik va xavfli axborot tarqatganlikda aybdor deb topilgan. Uning safdoshi Yusuf Ro'zimurodov ham 1999-yilda qamalgan va 15 yillik jazoga mahkum etilgan. Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mitaga ko'ra, bu ikki shaxs dunyoda panjara ortiga eng uzoq muddatga tashlangan jurnalistlardir.

Muhammad Solih shuni ta'kidlab keladiki, ukasi - repressiv tuzum qurboni va hukumat uni va boshqalarni tazyiqqa olib, muxolifatni kurashdan to'xtata olmaydi.

Jurnalistning yaqinlari mahbusning sog'lig'i og'ir ekanini aytib keladi. Bugun berilgan mukofot, Muhammad Bekjonning oilasi va tarafdorlari nazarida, dunyo ahli bu inson taqdiriga befarq emasligini va bu sovrin O'zbekiston rahbariyatini adolatga undashini anglatadi.