Din

Amerikada ma'rakalar onlayn shaklda o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Vashington islom markazi

AQShda yashovchi musulmonlarning aksariyati muhojirlardir. Ular orasida Pokiston va Indoneziyadan ko’plab musulmonlar bor. Bu Amerikada ozchilikdagi diniy va etnik guruh bo’lib, ular masjidlar va islomiy markazlarga bog’langan jamoalarni tashkil etadi.

Jamoaning biror a’zosi olamdan o’tsa, ko’pchilik bir yoqadan bosh chiqarib, dafn marosimini uyushtirishga yordam beradi.

"Biroq pandemiya paytida koronavirusdan o’lgan odamlarning hatto oila a’zolari ham marhum bilan vidolasha olmaydi", - deydi Merilenddagi indoneziyalik muhojirlar jamoasi tomonidan tashkil etilgan islomiy markaz imomi Fahmi Zubir.

Bunday paytda janoza va dafn marosimi ham odatdagidek o’tmaydi.

“Odatda masjidimiz dafn marosimini tashkillashtirishda faol ishtirok etadi", - deydi imom.

Bunday paytlarda mayit namoz vaqtida masjidga keltiriladi.

"Ayrim rasmiylar va tibbiy mutaxassislar virus mayitdan o’tmasligini aytadi, ammo muammo dafn marosimiga qancha odam kelishida. Agar haddan ziyod odam kelsa, virus odamlar orasida tez tarqalib ketishi mumkin. Muammo shunda, dafn marosimida emas”, - deydi Virjiniyadagi islomiy markaz imomi Muhammad Majid.

Oilalarga ko’p sonli ma'rakalar o’tkazish ham taqiqlangan. Nafaqat koronavirusdan, balki boshqa sabablarga ko’ra o’lgan odamlarga ham.

Ko’p joylarda ijtimoiy masofani saqlashga doir cheklovlar hanuz amalda.

Ayniqsa Kaliforniya shtatida bunday cheklovlar o’ta qattiq.

“Mayit kasalxona yoki morgdan to’g’ri qabristonga yetkaziladi. Hech kim uni kuzatishga chiqa olmaydi”, - deydi Los-Anjelesdagi At-Tohir masjididan Farhod Ambadar.

Dafn marosimidan keyingi tadbirlar onlayn shaklda o’tkazilishi mumkin.

“Bunday xizmatlarni Zoom orqali taklif etamiz. Dafn marosimidan so’ng kechki payt Qur’on o’qiymiz. Indoneziyadan bir imom Zoom orqali aloqaga chiqib, marhumning ruhi uchun birgalikda ibodat qilamiz”, - deydi Ambadar.